Jizzaxda boʻlim prokurori qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 16 May 2023 2222

    Tadbirkordan 1300 AQSH dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Jizzax shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor chorvachilik bilan shugʻullanish maqsadida 2020-yilda bankdan 200 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit olgan va ushbu mablagʻ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan.

    Biroq joriy yilning fevral oyida kredit bergan bank tadbirkor tomonidan kredit mablagʻi maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora koʻrish uchun murojaat qilgan.

    Oʻz navbatida, oʻrganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun mazkur murojaat Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilib, uning nazorati viloyat prokuraturasi boʻlim prokuroriga yuklatilgan.

    Murojaatni oʻrganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan. Lekin viloyat prokuraturasining boʻlim prokurori esa goʻyoki uning oʻzi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etganini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSH dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.