Jizzaxda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan “Metan zapravka” fosh etildi

    Jizzax viloyatida “Oʻzenergoinspeksiya” Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan nazorat tadbirida Zarbdor tumanida joylashgan “R.G.M.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida elektr hisoblagich koʻrsatgichlarini kamaytirish maqsadida ulanish sxemasiga tashqi taʼsir koʻrsatilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra elektr taʼminoti korxonasiga 8 mlrd 677 mln soʻmlik zarar yetkazgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.