Sud uni firibgarlik, pora olish va pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topdi.

Sharof Rashidov tuman IIB Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash guruhi vaqtincha saqlash hibsxonasi boshligʻi A.O. jinoiy jazoga tortildi. U 2023-yil aprel oyidan ushbu lavozimda ishlab kelgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, A.O. tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanib, hibsxonada saqlanayotgan “Tosh-Shosh kapital” MCHJ mansabdori D.E. bilan yaqindan tanishgan. Soʻngra hibsxonaga oziq-ovqat va boshqa narsalar olib kirish va tergovchining ruxsatisiz yaqin qarindoshlari bilan uchrashishga sharoit yaratib berishi aytib, D.E.dan tamagirlik yoʻli bilan pul mablagʻi talab qilib olib kelgan.

Jumladan, A.O. ushbu “xizmati” uchun pora tariqasida D.E.ning turmush oʻrtogʻidan 400 AQSH dollari olgan. Pul mablagʻining 100 AQSH dollarini oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborib, 300 dollarini xizmat guvohnomasida saqlab kelgan. Ushbu pul mablagʻlari 2024-yil 12-fevralda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Shuningdek, A.O. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hibsxonada saqlanayotgan D.E.ga “Kafolat” advokatlar hayʼati advokati yaqin tanishi ekanini maʼlum qilgan. Advokat Jizzax shahar sudida ishlovchi tanishlari orqali yuritilayotgan jinoyat ishida unga yengillik qilib berish masalasida gaplashayotganini, buning uchun 5 ming AQSH dollari berish kerakligini aytgan. Shu tariqa, hibsxona boshligʻi 2024-yil 12-fevral kuni soat 22:20da Jizzax shahar Olmazor mahallasi hududida D.E.ning turmush oʻrtogʻidan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Sud hukmi bilan A.O. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish), 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi), 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tamagirlik yoʻli bilan pora olish) hamda 28, 211-moddasi 1-qismida (pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 2-yil 6 oy muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.