Sessiyada viloyat hokimi Ergash Saliyev joriy 2021-yilda viloyatda amalga oshirilgan islohotlar hamda 2022-yilda viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnoma bilan chiqish qilmoqda.

Murojaatnomadan iqtiboslar:

Joriy yilning oktyabr oyida Prezidentimizning viloyatimizga saylov oldi tashrifida davomida oldimizga katta maqsadlar qoʻyib oldik. Xususan,

- Jizzax viloyati kelgusi besh yilda tadbirkorlik, yoshlar tadbirkorligi boʻyicha namunali hududga aylantiriladi;

- viloyatni avvalombor, sanoat salohiyatidan kelib chiqib, Jizzax erkin industrial hududi, logistika va sanoat zonalari hamda boshqa imkoniyatlardan keng foydalangan holda “zamonaviy sanoat karvonboshilari”dan biriga aylantiriladi;

Bunda, zamonaviy mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal kabi sohalardagi loyihalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Metollurgiya, oziq-ovqat, charm-poyabzal va Farmatsevtika sanoatida mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinadi;

Hududga faol investitsiyalar, yirik xorijiy kompaniyalarni jalb qilish maqsadida, viloyatda har yili Xalqaro industrial Forumi oʻtkaziladi.

Viloyatining chegaradosh hududlarda erkin savdo zonasi va agrologistika markazlari tashkil etiladi;

Viloyatimizning geografik joylashuvi, betakror va soʻlim tabiatidan kelib chiqib, ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirish, Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimida qoʻshimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish boʻyicha, oʻrta va yirik loyihalar amalga oshiriladi;

kichik biznes va xizmatlar sohasida, “mahallabay” ishlash orqali, viloyatda 100mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.

- bir gektardan hozirda olinayotgan 1 ming dollar oʻrtacha daromadni 5 barobargacha oshirish choralari koʻriladi.

- 15 mingta xonadonda ixcham issiqxonalar qurish tashkil qilanadi. Kelgusi besh yilda foydalanishdan chiqqan va lalmi 160 ming gektar maydon oʻzlashtirilib, kooperatsiya usulida mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.

- Zarbdor, Zafarobod va Forishda yangi, “qovunchilik klasterlari” barpo etilib, 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

- sunʼiy suv havzalarida hosildorlikni 4-5 barobarga oshirish va xonadonlarda intensiv baliq yetishtirishni koʻpaytirish hisobiga, viloyatda baliq yetishtirish hajmi 50 ming tonnaga yetkaziladi.

Sharof Rashidov tumanidagi baliqchilik klasteri tajribasi barcha tumanlarda joriy etiladi.

- “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida, keng koʻlamli obodonlashtirish va qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi;

- Zomin, Baxmal, Gʻallaorol tumanlaridan oʻtuvchi avtomagistralning 158 kilometri rekonstruksiya qilinadi.

- kelgusi besh yilda jami 18 ming xonadonli koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi;

- Sharof Rashidov, Doʻstlik, Zomin, Gʻallaorol, Baxmal, Paxtakor va Forish tumanlarida ehtiyojga qarab, koʻp qavatli uylar, maktab, bogʻcha, shifoxona, savdo markazi kabi obyektlardan iborat “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etiladi.

- Jizzax shaharning qiyofasini, infratuzilmasini tubdan yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish boʻyicha, alohida dastur amalga oshiriladi.

Bunda, Jizzax shahrida:

- 10 ming xonadonga moʻljallangan, barcha ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmaga ega, “Yangi Oʻzbekiston shaharchasi” va kichik sanoat zonasi barpo etiladi;

- mavjud 534 ta koʻp qavatli eski uylarning barchasi taʼmirlanadi;

- ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha 80 million dollarlik loyiha yakunlanib, markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 100 foizga, oqova suv xizmatlari – 90 foizga yetkaziladi (hozirda 40 foiz);

- Temiryoʻlchilar koʻchasida 700 metrlik yoʻl oʻtkazgich qurilib, temiryoʻl kesishmalaridagi transport tirbandligi bilan bogʻliq masala uzil-kesil hal etiladi;

- 50 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, 25 gektarda “yashil maydonlar” barpo etiladi, shaharda yiliga kamida 100 ming tup mevali va manzarali daraxtlar ekiladi.

- Viloyatda tibbiy xizmatlar qamrovi kengaytiriladi, xizmatlar sifati yangi bosqichga olib chiqiladi; Bunda:

- barcha oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalar toʻla taʼmirlanib, toʻliq jihozlanadi, qoʻshimcha 23 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari ochiladi;

- Jizzax shahrida Samarqand Tibbiyot institutining fililali, koʻp tarmoqli tibbiyot muassasasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarning filiallaridan iboroat “Tibbiyot klasteri” tashkil etiladi;

Bundan tashqari, tez tibbiy yordam uchun, 100 dan ziyod “Damaslar” yangi, zamonaviy mashinalarga almashtiriladi.

Maktabgacha taʼlim tizimida qamrov darajasi 100foizga yetkaziladi.

Shuningdek, viloyatda 34ta yangi maktab qurilib, 143 ta maktab rekonstruksiya qilinadi va natijada 55 mingta qoʻshimcha oʻquvchi oʻrinlari yaratiladi.

Oliy taʼlim kelgusi besh yilda Jizzax viloyati rivojlanishining asosiy drayverlaridan biriga aylanadi.

Jizzax davlat pedagogika institutiga Universitet maqomi beriladi. Jizzax shahardagi Forum majmuasi hududida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Viloyat yoshlarining oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 50foizdan oshiriladi. Buning uchun, viloyatdagi oliygohlar soni 8 taga yetkaziladi.

Gʻallaorol, Baxmal, Zomin, Forish, Sharof Rashidov tumanlarida chavandozlik, koʻpkari kabi milliy sport oʻyinlari boʻyicha oʻziga xos anʼana va qadriyatlar shakllanganligini va viloyat mohir chavandozlar yurti ekanligini inobatga olib, Yilqichilik va ot sportini rivojlantirish markazi tashkil etiladi.

Soʻgʻdiyona futbol klubi bazasida Futbol akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya bilan nufuzli Yevropa futbol jamoalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilib, murabbiy va isteʼdodli yosh futbolchilarni u yerda malaka oshirishi yoʻlga qoʻyiladi.