Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining 2023-2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 2022-yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 220 kV li havo liniyasi hamda 220 kV li “Zafarobod“ raqamli podstansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish belgilangan edi. Bugungi kunga kelib quvvati 500 Megavattli ushbu investitsion loyiha qurilishi yakuniga yetkazildi.
Mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot banki kredit mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan boʻlib, ushbu raqamli podstansiyasini qurish loyihasi Forish tumanining “Egizbuloq“ MFY hududida olib borildi. Podstansiyasini qurishda esa bosh pudratchi sifatida Xitoyning “Shanghai Electric Group”, liniya tortishda esa “Syncro” kompaniyalari jalb qilindi.
— Podstansiyaning qurilish loyihasi uchun 60 mln AQSH dollari miqdorida mablagʻ oʻzlashtirildi, ayni paytda shanxaylik muhandislar bilan podstansiya uskunalari va asosiy boshqaruv serverlarini mahalliy ishchilarga oʻrgatish jarayonlari ketmoqda, — deydi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari“ AJ Jizzax magistral elektr tarmoqlari rahbari Gʻayrat Ahmedov.
Qurilish loyihasiga koʻra, mazkur podstansiyaga 280 km uzunlikdagi 220 kVli havo liniyasi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan tortiladi. Buning uchun mazkur liniya Sirdaryo viloyatining Shirin va Yangiyer shaharlari, Xovos tumanidan oʻtib, Jizzax viloyatining Zomin, Paxtakor, Sharof Rashidov, Zarbdor va Forish tumanlari hududlarini bogʻlaydi.