Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 2019-2021-yillarda isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi boʻyicha tariflarning qanchalik toʻgʻri qoʻllanilganligi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

Oʻrganish jarayonida “Jizzax HETK” AJ tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019-2021-yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar notoʻgʻri qoʻllanilganligi aniqlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi “Din sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy koʻmak va imtiyozlar berish toʻgʻrisida”gi 364-son qarori va 2003-yil 10 sentabrdagi 525-F-sonli Farmoyishida Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga 2003-yilning 1-sentyabridan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlanishi qayd etilgan.

Shunga qaramay, “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan ushbu qaror talablari bajarilmaganligi natijasida 2019-2021-yillar mobaynida masjidlardan jami 58289,3 ming soʻm ortiqcha mablagʻ olinganligi aniqlangan.

Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax HETK” AJ tomonidan notoʻgʻri hisoblangan 58 289,3 ming soʻm mablagʻlar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirildi.