Jizzax viloyati IIB matbuot xizmatining xabariga koʻra, inspektor Gʻallaorol tumanidagi YPX maskanida xizmat olib borayotgan vaqtida haydovchilarni toʻxtatib, ularni mastlikda ayblagan. Uning asosiy quroli — moslamadagi soxta natijalar va haydovchilarning huquqiy bilimsizligi boʻlgan.

Voqea tafsilotlariga koʻra, inspektor Lacetti rusumli avtomobil haydovchisini toʻxtatib, tekshiruvdan oʻtkazgan. Xodim haydovchilarni aldab, alkotester goʻyoki oxirgi 72 soat (3 sutka) ichida isteʼmol qilingan spirtli ichimlikni aniqlay olishini daʼvo qilgan. Haydovchi ichmaganini taʼkidlasa-da, xodim unga alkotesterning “musbat” natijasini koʻrsatgan.

Xodim bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 1 million soʻm talab qilingan. Nochor qolgan haydovchi 500 ming soʻmni inspektor koʻrsatgan bank kartasiga oʻtkazib bergan.

Tezkor surishtiruvlar davomida qiziq bir holat oydinlashdi: pullar oʻtkazilgan bank kartasi YPX maskani yaqinidagi jarima maydonchasi ishchisiga tegishli boʻlib chiqdi. 48 yoshli ushbu fuqaro inspektor bilan til biriktirib, jinoiy daromadlarni yigʻishda yordam bergan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi yakunlangan. Toʻplangan hujjatlar YPX xodimining harakatlariga qonuniy baho berish va jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.