Jizzax viloyati hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi ko'magi bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari – ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, mahalla faollari, nuroniylar, davlat va nodavlat tashkilotlar mas'ullari, oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Jizzax viloyati hokimi o'rinbosari S.Rahmonqulov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i S.Nazarqosimov, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist M.Hazratqulov va boshqalar har ikki gazeta o'tgan qisqa davr mobaynida katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar samaradorligiga munosib hissa qo'shib kelayotganini qayd etdi.

Ma'lumki, “Yangi O'zbekiston” gazetasining ilk soni 2020 yil 25 yanvarda chop etilgan. Bugungacha uning 780 dan ziyod soni mushtariylar qo'liga etib bordi. e'tiborlisi, haftada besh kun, mamlakat hayotiga doir muhim sana va voqealar bilan bog'liq holatlarda esa etti kun ham chiqadigan gazeta 6 sahifada, boshdan oxirigacha rangli chop etiladi. Hozir uning adadi 80 mingdan oshadi.

Yana bir e'tiborli jihat. “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdan birinchi interv`yu olgan ommaviy axborot vositasi sifatida tarixga muhrlandi.

Tahririyat O'zbekistondagi eng keksa va eng yosh nashrlarni birlashtirgan. 1917 yildan buyon chop etib kelinayotgan “Pravda Vostoka” gazetasi O'zbekistonning amaldagi eng keksa gazetasi sanaladi. U bu yil 105 yoshga to'ldi.

Har ikki nashr bugun o'z sahifalarida zamonaviy tendentsiyalardan unumli foydalanib kelmoqda. Jumladan, transformatsiya jarayoni e'tiborga molik. Tahririyatda mediakonvergentsiyani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. “Yangi O'zbekiston” gazetasining deyarli har bir sonida “matn+foto+QR kod” formatdagi maqolalarni o'qishingiz, shuningdek, video orqali ko'rishingiz mumkin.

“Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z nufuziga ega. Bugungi kunda tahririyatning www.yuz.uz rasmiy sayti, telegram, feysbuk, instagram kabi virtual sahifalari faol va ko'p sonli o'quvchilarni qamrab olgan.

Axborotlar, maqolalar, videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Feysbuk, Instagram, Telegram, Yandeks va Gugl platformalarida ham faol berilishi bugun “YAngi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” nashrlari hamda veb-saytining mamlakat va jahon axborot maydonida nufuzi mustahkamlanishiga asos bo'lmoqda.

Tadbirda “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vsotoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov Tahririyatning viloyatdagi faol mushtariylariga esdalik sovg'alari topshirdi.

Shuningdek, yoshlar o'rtasida har ikki gazeta faoliyatiga doir blits savollar viktorinasi ham o'tkazildi va faol ishtirok etgan yigit-qizlarga Tahririyatning esdalik sovg'alari ulashildi.