Jizzaxdagi bogʻchada 2 nafar bola ovqatdan zaharlangani aniqlandi

    Bolalar ombudsmani Jizzaxning Paxtakor tumanidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalar ommaviy zaharlanganini, holat viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

    Aniqlanishicha, shu yilning 2-avgust kuni Paxtakor tumanidagi maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanayotgan I.F. (qiz bola, 2020-yilda tugʻilgan) va S.T. (qiz bola, 2019-yilda tugʻilgan) tana haroratining koʻtarilishi sababli ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan gumonlanib, yuqumli kasalliklar boʻlimiga yotqizilgan.

    Mazkur holat boʻyicha shu kunni oʻzida ushbu nodavlat taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan qolgan 14 nafar bola ham tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimida shifokorlarning kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olib borilgan va ularda sogʻligidan shikoyatlar aniqlanmagani tufayli uylariga javob berilgan.

    Shuningdek, epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan.

    Hozirda Paxtakor tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.