Xususan, Oʻzbekiston respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan xalqimiz maʼnaviyatini boyitish, odamlarimizga pandemiya davrida koʻtarinkilik ulashish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar buning dalilidir. Teatrlar faoliyatining takomillashtirilayotgani, ayniqsa, viloyatlardagi qoʻgʻirchoq teatrlarining zamonaviy koʻrinish kasb etayotgani ana shu ezgu ishlar natijasidir.
Ana shunday saʼy-harakatlar tufayli endilikda jizzaxlik bolajonlar ham tamomila yangi, eng soʻnggi qiyofadagi qoʻgʻirchoq teatri binosida spektakl tomosha qiladilar.
Teatr binosining ochilish marosimida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda viloyat hokimi Ergash Saliyev qatnashdi.

Jahon standartlari talabiga javob beradigan, eng sara boʻyoqlarda aks etgan ajoyib lavhalar teatrga kirishdanoq inson qalbiga bolalarcha begʻuborlik olib kiradi. Shuningdek, qoʻgʻirchoq teatri muzeyi ham turli tarixiy qoʻgʻirchoqlar eksponati bilan bezatilgan, shu bilan devordagi lavhalar sizni ertaklar olamiga beixtiyor yetaklaydi.
— 1983-yilda tashkil etilgan teatrimiz nihoyat, bugunga kelib, chinakam qoʻgʻirchoq teatriga xos binoga ega boʻldi, — deydi teatr rahbari Gʻulom Daurxonov.
— Hukumatimizga ming rahmat, 14 milliardga yaqin mablagʻ ajratdi. Shu bilan birga viloyat hokimligining 1 milliard 300 ming soʻmlik mablagʻi ham binoni eng soʻngi dizaynda bezash ishlariga sarflandi. Nasib qilsa, yangi binoda yangi kuch, yangi shijoat bilan repertuarlarimizni yana-da boyitamiz.
Ochilish marosimiga oʻz sovgʻalari bilan tashrif buyurgan mehmon teatrlar, jumladan, Samarqand viloyati qoʻgʻirchoq teatri tomonidan namoyish etilgan chiqishlar barchaga birdek manzur boʻldi.

Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri