Qiymati 25 milliard so'm bo'lgan majmuada 4500 kvadrat metr yopiq va 5 ming kvadrat metr ochiq pavilyonlar, 50 kishilik konferents zal, 3 ta muzokaralar xonasi, 3 yulduzli mehmonxona, xostel, 3 ta kafe, restoranlar mavjud. Majmua ochilishida ishtirok etgan Turkiya va Qozog'iston Respublikalarining Samarqanddagi vakolatxonasi rahbarlari majmuada ishlab chiqaruvchi va xaridor o'rtasida V2V formatida uchrashuvlar o'tkazish uchun yaratilgan qulayliklarni yuqori baholadi.
Agrolizing kompaniyasi raisi Nodir Otajonov bu majmua innovatsion echimlar, xalqaro standartlarning yuqori talablariga javob beradigan, xorijdagi yuqori reytingli ko'rgazmalar bilan raqobatlashadigan darajadagi imkoniyatlarga ega ekanligini e'tirof etdi.
Ushbu majmuadagi birinchi ko'rgazma “Qishloq xo'jalik texnikalari va texnologiyalari — AGROPRO 2022” qishloq xo'jaligi yo'nalishida tashkil etilgani ham bejiz emas. Chunki dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholining iste'mol talabini qondirish dolzarb masala hisoblanadi.
— Samarqand viloyatidagi eksportyor korxonalar tomonidan 98 turdagni meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinadi, — deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo'yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. — Ko'rgazmada klaster korxonalari va fermerlar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmini yanada oshirish ham rejalashtirilgan. Ko'rgazmada 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar, 80 ga yaqin qishloq xo'jalik texnikalari, Turkiya, Xitoy kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda. Mazkur ko'rgazmada ilg'or texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, suv, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi urug'lar, o'g'itlar va agrar tarmoqdagi boshqa yangiliklar borasida 3 kun mobaynida har soatda turli taqdimotlar o'tkaziladi. Ushbu majmuada 2022-yil yakuniga qadar 50 ga yaqin ko'rgazma tashkil etish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni keng jalb qilib, majmuani Markaziy Osiyo ko'rgazmalar markaziga aylantirish rejalashtirilgan.
Ko'rgazmada qishloq xo'jalik texnikalari, agregatlar va qo'shimcha qismlar intensiv sug'orish tizimlari, issiqxona qurilmalari, chorvachilik, quyonchilik, asalarichilik, qishloq xo'jalik mahsulotlarini qayta ishlash, eksport, mineral o'g'it, vitaminlar, meva va manzarali daraxt, uzum ko'chatlari, veterinariya preparatlari, urug'chilik namunalari, qishloq xo'jalik texnikalari namoyish etilmoqda. Shuningdek, eksportyorlar, qishloq xo'jaligiga xizmat ko'rsatadigan o'quv kurslari, bank va lizing tashkilotlari ham bir binoda joylashgan.
Ishtirokchilarda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar, ularning yangilangan namunalari katta qiziqish uyg'otdi.
— Biz ko'p yildan buyon O'zbekiston bozorida suv tejovchi texnologiyalarimiz bilan qatnashamiz va 2018-yildan buyon Samarqand viloyatida korxonamizni ochdik, — deydi “ACAR-MAC-SAN” O'zbekiston-Turkiya qo'shma korxonasi direktori Vahid Ajar. — Turkiya suv tejovchi texnologiyalarni qo'llash va bu oorqali yuqori hosildorlikka erishish borasida dunyoda etakchilardan hisoblanadi. Biz Turkiyada qanday zamonaviy texnologiya amaliyotgan tatbiq qilansa O'zbekistonda ham shu texnologiyani joriy etyapmiz. Biz O'zbekistonni barcha viloyatlarida texnologiya o'rnatdik va xizmat ko'rsatyapmiz. Aslida yomg'irlatib sug'orish hosildorlikni oshiradi, tomchilatib sug'orish esa nisbatan arzonroq. Mamlakatingizda tuproq xossalarini o'rganib, fermer va klaster korxonalariga dukkakli o'simliklar uchun yomg'irlatib, paxta yetishtirishda tomchilatib sug'orish texnologiyasini tavsiya etyapmiz.
Eslatib o'tamiz, xalqaro ko'rgazma 4 martga qadar davom etadi.