Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy Kengashda Oʻzbekiston va Tojikiston kinoijodkorlari hamkorligida ishga tushishi kutilayotgan yangi “Jomiy va Navoiy” kinoloyihasining muhokamasi oʻtkazildi.
Unda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, “Tojikfilm” davlat muassasasi rahbari Mahmasaid Shohiyon hamda Kengash aʼzolari va tojikistonlik hamkorlar ishtirok etishdi.
Joriy yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga tashrifi davomida barcha sohalar qatori madaniy aloqalarni ham rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratgan edi. Davlat rahbari buyuk ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqida hamkorlikda badiiy film yaratish vaqti kelganini taʼkidlagan. Ular oʻrtasidagi munosabatlar haqida koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bir qator hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo, shu paytga qadar yaratilgan ekran va sahna asarlarida bu ikki ulugʻ mutafakkir doʻstligi yetarlicha yoritilmagani taʼkidlangan.
Badiiy kengashda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy munosabatlari haqida hikoya qiluvchi kinoloyihaning ahamiyati, kelgusidagi rejalar xususida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi