Bunda ularning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari natijasida yer osti oʻpirilishi muhim omil boʻlmoqda. 2018-2019-yillarda 19 nafar shaxs ana shunday vaziyatda ayanchli oʻlim topgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2018-2019-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tarkibida oltin moddasi boʻlgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan bogʻliq 220 ta holat aniqlangan, 125 nafar shaxsga nisbatan 42 ta jinoyat ishi hamda 276 nafar shaxsga nisbatan 186 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.
Oʻgʻirlangan oltinlardan zargarlik buyumlari yasalib, bozorlarda sotiladi.
Jumladan, 2019-yilning sentyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 8,5 mlrd soʻmlik umumiy ogʻirligi 11 kg.dan ortiq zargarlik buyumlarining Hindistonga olib chiqib ketilishiga chek qoʻyildi.
Tadbir doirasida tilla buyumlarni olib chiqib ketayotgan 37 nafar yoʻlovchi, shuningdek, jinoiy guruhning 5 nafar tashkilotchisi hamda zargarlik buyumlari tayyorlash va qimmatbaho metallarga ishlov berish sexlarining 11 nafar egalari ushlandi.
Joriy yilning 1-yanvaridan 10-iyuniga qadar boʻlgan davr mobaynida esa DXX va IIV saʼy-harakatlari bilan noqonuniy oltin qazib olish bilan bogʻliq 65 ta holat aniqlandi. Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 25 ta, Tomdi tumanida 11 ta, Nurota tumanida 5 ta, Uchquduq tumanida 4 ta, Navbahor tumanida 2 ta, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanida 7ta hamda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida 11ta holat kuzatildi. 145 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularga nisbatan 4 ta jinoyat ishi va 43 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida tarkibida “999” probali, taxminiy qiymati 1 mlrd soʻmlik 2 kg 102 gr. oltin boʻlgan 98,5 tonna ruda musodara qilindi. Jinoyat quroli sifatida 2 ta «Kamaz” avtomashinasi, 6 ta «Niva» avtomobili, 3 ta «Ford» va «Gazel» mikroavtobuslari olib qoʻyildi.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki 5 oyi mobaynida DXX xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlari natijasida Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlari hamda Ohangaron tumani hududlarida 26 ta ana shunday holat fosh etildi. 51 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularga nisbatan 5 ta jinoyat ishi va 18 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi.