Prezidentimiz buni qoʻllab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni eʼlon qildi.
Joriy yil 1-apreldan boshlab qayerda joylashganidan qatʼi nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor oʻsimlik yetishtirish va qayta ishlash yoʻnalishidagi loyihalar boshlanganidan eʼtiboran uch yil muddatga yer soligʻidan ozod qilinadi. Tadbirkorlar loyiha ishga tushgandan boshlab uch yil davomida foyda va mol-mulk soliqlarini toʻlamaydi.
Shu bilan birga, biologik faol qoʻshimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilari ham xomashyo, uskuna, ehtiyot va butlovchi qismlar importi bojidan ozod qilinadi, farmatsevtika korxonalariga oʻz liniyasida biologik faol qoʻshimcha ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Bundan buyon har yili 1-iyulgacha mahalliylashtirish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxati tadbirkorlarga eʼlon qilib boriladi.
Roʻyxatdagi dorilarni ishlab chiqarish boʻyicha loyiha qilmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar beriladi.
Shuningdek, mavjud mahsulotlari boʻyicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga Sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasidan 10-yilgacha xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada 12 foizli kredit ajratiladi.