Joriy yilda 106 ta korxona tomonidan 4,5 mlrddan ortiq baliq lichinkasi ishlab chiqarilgan

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda  "O'zbekbaliqsanoati" uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro'zieva ma'lum qildi.

    Baliqchilikda yuqori hosildorlikka erishish va zahirani mustahkamlashda baliq lichinkalari va chavoqlarini yetishtirish muhim masala sanaladi. Shuningdek, kasalliklarga chidamli va toza naslli lichinkalarni yetishtirish naslchilikning asosiy maqsadlaridan biridir. Hozirda Respublikamizda lichinka hamda chavoq yetishtirish borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.

    Xususan, 2016-yilda Respublikada 24 ta lichinka ishlab chiqaradigan korxona mavjud boʻlib, ular tomonidan 640 mln dona lichinka ishlab chiqarilgan. 2022-yilga kelib esa korxonalar soni 4 barobarga orttirilib, ularning soni 106 ta yetkazildi hamda ushbu korxonalar tomonidan 4,5 mlyard donadan ortiq baliq lichinkalari ishlab chiqarildi.

    Oʻz navbatida ishlab chiqarilgan baliq lichinkalarini maʼlum bir muddat davomida oʻstirish uchun reproduktiv havzalar barpo etiladi. Ushbu havzalar maydoni joriy yilga kelib 5 yarim barobarga oshirilib, 7300 gektarga yetkazildi. Ularning ishlab chiqarish quvvati esa 470 mln donaga yetkazildi. Mazkur koʻrsatkich 2016-yilda quvvati 120 mln dona boʻlgan 1300 gektar maydonga teng boʻlgan.

    Bundan koʻrinib turibdiki, yillar davomida nafaqat lichinka va chavoq yetishtiruvchi korxonalar soni balki, ularning ishlab chiqarish quvvati ham sezilarli darajada oshdi.Shuningdek, hozirda respublikamizda jahon tajribasiga tayangan holda intensiv usulda yetishtiriluvchi baliq turlari hamda korxonalar soni kun sayin ortib bormoqda.

    Buning natijasida intensiv sharoitda yetishtirish qulay boʻlgan karp baliqlarining lichinkalari va chavoqlarini yetishtirish ham sezilarli darajada oshib bormoqda. Yaʼni, intensiv texnologiyalar joriy qilinishiga qadar asosan oq doʻngpeshona, oq amur hamda karp baliq lichinkalari ishlab chiqarilgan. Intensiv texnologiyalarning ulushi oshgani sari karp baliqlarining inkubatsiyasi ham oshib bormoqda.

    Lichinka ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan bugungi kunga kelib baliq turlari xilma xilligini oshirish, kasalliklarga chidamli nasllarni yetishtirish maqsadida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Navoiy viloyatida joylashgan “Golden layk fish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mahalliy karp baliqlarining nasl boshisi boʻlgan Vengriya karp baligʻi olib kelindi. Mazkur baliqlarning 7000 dan ortiq ota-ona toʻdasi shakllantirilib, inkubatsiya qilindi. Xoʻjalik tomonidan bugungi kunga qadar 15 mln donadan ortiq Vengriya karpi chavoqlari yetishtirilib, respublika baliqchilik xoʻjaliklariga yetkazib berildi.

    Shu bilan birga, Respublikamizning togʻ va togʻoldi hududlarida sovuq suv baliqlarini yetishtirish ham rivojlanib bormoqda. Dastavval, ushbu baliq lichinkalari Fransiya, Daniya kabi xorij davlatlaridan olib kelingan. Bugungi kunga kelib baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan sovuq suv baliqlarining inkubatsiyasi amalga oshirilib, ushbu lichinkalar talabgor baliqchilik xoʻjaliklariga yetkazib berilmoqda.

    Misol uchun, Toshkent viloyatidagi “Golden fish grupp” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan forel hamda osyotr baliqlari inkubatsiya qilinmoqda. Shuningdek, Fargʻona viloyatida joylashgan “Mister fish Fargʻona” va Namangan viloyatida joylashgan “Db grupp eko” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan forel baligʻini inkubatsiya qilishdan tortib, qayta ishlashga boʻlgan jarayonlar amalga oshirilmoqda.