Joriy yilda Asakada 204 millard soʻmlikdan ortiq ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
Asaka tuman xokimi Mansurbek Alixonov tumanda yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar, 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisida tuman Xalq deputalari Kengashining navbatdagi sessiyasida hisobot berdi.
Tuman hokimi taʼkidlaganidek, bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay oʻzgargan. Odamlar siyosiy jarayonlar, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar shiddatida ancha toblangan, ular har qachongidan koʻra siyosiy, huquqiy jihatdan faol, oʻz fikrini bemalol ochiq aytib, rahbarlarga, deputatlarga ham baho beradigan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bugungi kunning eng dolzarb muammolar yechimini topish masalasini koʻtarmoqda. Bu esa oʻz navbatida endi aholini shunchaki quruq vaʼdalar bilan aldab boʻlmasligini, ularga amaliy ishlarni koʻrsatish vaqti kelganligini anglatadi. Bu esa rahbarlar zimmasiga katta masʼuliyat va vazifalarni qoʻymoqda.
Qayd etilganidek, tumanning kompleks rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida 2020-yil davomida umumiy qiymati 482 milliard 179 million soʻmlik 52 ta loyiha amalga oshirilib, 2 ming 497 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.
Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha umumiy qiymati 188,2 milliard soʻmlik 17 ta loyihada 746 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Misol uchun, “Mexnatobod” MFY xududida “Baraka hamkor parranda” xususiy korxonasi tomonidan 80 milliard soʻm mablagʻlar sarflanishi xisobiga “Parrandachilik” kompleksi tashkil etish loyihasi amalga oshirilib, bu yerda xam 250 nafar ishsiz aholi bandligi taʼminlandi. Hozirda u yerda 300 ming bosh broller joʻja boqilmoqda.
Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 204,4 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi. Kelgusi yil uchun 1,6 million dollar eksport qilish imkoniyati, 3,7 milliard soʻmlik byudjetga sof tushumlar zahirasi va 8 xil turdagi yangi mahsulotlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
Jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar joriy yilning yanvar-noyabr oylarida jami 5 ta loyiha boʻyicha 33,7 million dollar qiymatidagi investitsiya mablagʻlari kiritilib, asosiy kapitalga yoʻnaltirildi.
Misol uchun, “Kamolot” MFY xududida “Asakatekstil” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 468,7 milliard soʻm shundan, 33,1 million yevro miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya mablagʻlari sarlanishi xisobiga trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyixasi amalga oshirilib, 800 nafardan ortiq ishsiz aholi bandligi taʼminlanadi.
Tumanda 10 tadan ortiq korxonalar tomonidan oʻtgan davr mobaynida 10 turdan ortiq sanoat hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Latviya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlarga 42 million dollarlik sanoat hamda qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Tumanda kam taʼminlangan “Temir daftar”ga kiritilgan aholi xonadonlariga yangi tashkil etilgan klaster korxonalari tomonidan kooperatsiya usulida 775 ming bosh goʻsht yoʻnalishidagi parranda, 1 ming 404 bosh quyon hamda 1 ming 61 bosh echki tarqatishni tashkil qilib va buning hisobiga 600 tonna parranda goʻshti va 25 tonna quyon goʻshti yetishtirish bilan yillik isteʼmol talabini ortigʻi bilan bajarilishi kutilyapti.
Tumanda aholini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida A.Temur, Ulugʻbek va Bobur MFY lar xududida namunaviy loyihalar asosida jami 90 ta xonadondan iborat 5 qavatli, xar biri 30 ta xonadonli uylar qurilishi amalga oshirilib, hozirda qurilish ishlari yakunlandi. Joriy yilda tumanda umumiy uzunligi 160 kilometr uzunlikda boʻlgan jami 26 ta umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash ishlari olib borildi. Jumladan, 28 km uzunlikda mukammal va 132 km uzunlikdagi koʻchalarda joriy taʼmirlash ishlari bajarildi.
Yuqorida koʻrsatilgan MFY lar xududida ichimlik suvi taʼminoti yaxshilangan boʻlsada, yetkazib berilgan ichimlik suv uchun toʻlovlar oʻta qoniqarsiz xolatda, yaʼni toʻlovlar 95 foizga axoli tomonidan toʻlab borilmayotganligi sababli suv taʼminoti Asaka tuman boʻlimining moddiy va texnikaviy bazasi achinarli xolatga kelib qolmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, oilalarning kam taʼminlangan yoki kambagʻalikka sabab boʻlishining eng asosiy sababi sifatida ishsizlik yoki kam daromadli ish bilan shugʻullanib kelayotganligini inobatga olgan holda ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga alohida urgʻu berildi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarda 24 ming 950 nafar aholi istiqomat qiladi va ulardan 5 ming 864 tasini mehnatga layoqatli ishsizlar hisoblangan edi. Bugungi kungacha 5 ming 624 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi yoki ularning doimiy daromad manbailarini yaratish bilan bandligi taʼminlandi.
Pandemiya sabab avvalgi ish joyini yoʻqotganlarning 128 nafari qayta ish joyiga tiklandi, 3989 nafar fuqarolarni norasmiy sektorlarda bandligi taʼminlandi. Bugungi kunda, temir daftardagi 62 nafar fuqarolarning oʻzlari tanlagan sohalari boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlmaganligi sabab ularning bandligini taʼminlash boʻyicha alohida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Tumanda tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga tadbirkorlar tomonidan 3 milliard 390 million soʻm homiylik mablagʻlari shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan pandemiya davrida extiyojmand va ogʻir axvolga tushib qolgan 4 ming 713 nafar oilalarga 11 xil turdagi oziq-ovqat maxsulotlari va kerakli dori-darmonlar yetkazib berildi.
Tumandagi tijorat banklari tomonidan joriy yilda jami 21 milliard soʻm tadbirkorlar uchun kredit mablagʻlari ajratildi. Jumladan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 523 ta oilaga imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga 784 nafar fuqarolar ish bilan taʼminlandi hamda byudjetga qoʻshimcha 1,7 milliard soʻmlik qoʻshimcha manba shakllandi. Ularning 118 nafarini “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar tashkil etdi.
Shu bilan birga joriy yilda xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari soni 6 ming 333 tani tashkil qilib, shundan 5 ming 650 nafari hozirda doimiy ish bilan taʼminlandi.