Joriy yilda Baliqchida 500ga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyat boshladi.
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, kelgusidagi vazifalar belgilanmoqda.
Xalq deputatlari Baliqchi tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Jasurbek Abduraimov 2020-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Baliqchi tumanini 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha hisobot berdi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, unga koʻra shahar va tumanlar “yashil”, “sariq” va“qizil” hududlarga ajratilgan edi.
Rga koʻra, Baliqchi tumani (umumiy 13,98 ball) “qizil” hudud toifasiga kiritilgan.
Mavjud salbiy xolatni bartaraf etish va tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2020-yilning oʻtgan davri yakunlariga koʻra umumiy 16,57 ball bilan Baliqchi tumani “sariq” hudud toifasiga kiritildi.
Aholining real daromadlarini oshirish boʻyicha joriy yilda tijorat banklari tomonidan 28,9 milliard soʻm oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik va parrandachilik, pillachilik, quyonchilik yoʻnalishlarida 849 nafar aholiga imtiyozli kreditlar ajratilgan. 1 ming 100 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi.
Investitsiya dasturiga asosan, umumiy qiymati 373 milliard 600 million soʻmlik investitsiya oʻzlashtirildi. Uning hisobiga 59 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, 1 ming 879 nafar yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Hisobot davrida 11 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi va ularning 10 tasi tomonidan 43,3 million AQSH dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Joriy yil davomida 332 mlrd 869 million soʻmlik 46 ta sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi loyiha amalga oshirilib, 982 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.
Misol uchun, “Skorton tekstil” MCHJ tomonidan 20,1 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyaning oʻzlashtirishi hisobiga yillik quvvati 10 ming 300 tonna kalava ip ishlab chiqarish, 24 million 720 ming AQSH dollari miqdorida eksport quvvatiga ega yangi ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Natijada 400 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Tumandagi yana bir xorijiy korxona “Mig farfor” MCHJ tomonidan chinni buyumlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1,0 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritilib, yillik mahsulot ishlab chiqarish quvvati 7 milliard soʻmga yetkazilib, 150 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida deputatlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning oʻrinbosarlari bilan birgalikda tuman hududida kambagʻal, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti oʻrganilib, 8 ming 834 nafar aʼzolari boʻlgan 2 ming 381 ta “Temir daftar”ga kiritildi.
Bugungi kungacha, “Temir daftar”dagi 2 ming 974 nafar ishga muhtoj fuqaroning 2 ming 926 nafari yoki 98,4 foizi turli sohalarga ishga joylashtirildi, 58 nafariga 800 million soʻmlik imtiyozli kredit, 466 nafar fuqaroga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.
Bularning natijasida 1 ming 770 ta oila turmush sharoiti yaxshilanganligi munosabati bilan, oʻz murojaatlariga muvofiq, sessiya qarorlari asosida “Temir daftar” dan chiqarilgan boʻlsa, 238 ta oila yangidan “Temir daftar” ga kiritildi.
Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan xozirgi sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini tanqisligi yuzaga kelishini oldini olishga qaratilgan jiddiy chora-tadbirlar koʻrilishi bilan birga aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyojlarini asosan ichki imkoniyatlar hisobidan toʻliq taʼminlash, narxlarni asossiz oshishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tumanda tizimli ishlar tashkil etildi.
Joriy yilda 2019-yilga nisbatan har gektardan olingan hosildorlikni 3 sentnerga ortgani hisobiga 3 ming 300 tonna koʻp paxta xom-ashyosi yetishtirildi, hosildorlikni oshirish evaziga 27 milliard soʻm qoʻshimcha daromad olindi.
Sessiyada bir qator kamchilik va muammolar ham qayd etildi.
Jumladan, tadbirkorlik sohasida 426 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etilgan boʻlsada, belgilangan 310 ta faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarning 191 tasining faoliyati tiklangan xolos.
Investitsiya dasturi doirasida belgilangan 6 ta loyiha pandemiya sababli, chetdan keltiriladigan dastgohlarni muddatida yetib kelmaganligi sababli ishga tushirilmadi. Bundan tashqari, davlat xususiy sherikchilik asosida yoki xususiy maktablarni ochilishiga yetarli eʼtibor qaratilmadi. Hozirda tumanda birorta ham xususiy maktab yoʻq.
Shuningdek, tumanda 564 gektar bogʻdorchilik yer maydonlari mavjud boʻlsada, bir gektar ham toʻliq zamonaviy intensiv bogʻlar tashkil etilmagan. Bu esa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Sessiyada elektr va gaz taʼminotini yaxshilash, maktablarni raqamlashtirish, internet tarmogʻiga ulash borasida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.