Respublikamizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlar ro'y berganda aholi va hududlarni muhofaza qilishni ta'minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan tunu-kun profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, yong'inlar bilan bog'liq favqulodda vaziyatlarning sodir bo'layotganligi kuzatilmoqda.

15 yanvar` kuniga qadar yuz bergan yong'inlar soni o'tgan yilga nisbatan ikki barobar oshganligi kuzatildi.
Yong'in kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong'inlar gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanishda texnika, yong'in va elektr xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida kelib chiqayotganligi ma'lum bo'lmoqda.

Ob-havo haroratining pasayib borishi natijasida gaz, elektr va boshqa turdagi muqobil yoqilg'i isitish moslamalaridan foydalanishga bo'lgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda isitish moslamalaridan noto'g'ri foydalanish oqibatida ko'ngilsiz hodisalar sodir bo'lishi hamda yong'inlar bilan bog'liq turli favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Bunday muammolarning oldini olish uchun yong'in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilish lozim.