Joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan taʼminlash vazifasi belgilandi, jumladan davlat dasturi asosida 45 ming kvartirali koʻp qavatli uy-joylar quriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yangi tartibga asosan 27628 ta (18368 ta shaharlarda, 9260 ta qishloq joylarda)kvartirali uy-joylar qurish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
Bunda, “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ ishtirokida qishloq joylarda 8336 ta va shaharlarda 3 550 ta kvartira “Oʻzshahar qurilish invest” IK MCHJ ishtirokida quriladi.
Ushbu kvartiralarni oʻz ichiga olgan 1048 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilishi uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga yaqin boʻlgan 175 ta massiv tanlab olindi.
Bugungi kunda, hududlarda 139 ta tanlangan massivda 19648 ta kvartirali 582 ta koʻp qavatli uy-joylarni qurilishi boshlangan boʻlib, mazkur ishlarga 261 ta pudrat tashkilotlari tanlab olingan.
Tasdiqlangan massivlarning topogeodeziya, geologiya qidiruv ishlari va massivlar qurish loyihalarini ishlab chiqish uchun 18,1 mlrd.soʻm ajratildi.
Bunda, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Qurilish vazirligiga ajratilgan 10.5 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga qishloq joylardagi massivlarga;
“E-ijro auksion”- yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali sotishdan tushgan 7.6 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga shaharlardagi masivlarga ajratildi.
Yangi dastur asosida massivlarni qurish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” Injiniring kompaniyalar buyurtmachi etib belgilandi.
Yangi dastur doirasida shahar va qishloq joylarda koʻp qavatli uy-joylarni barpo etishga moʻljallangan massivlar va uylarning namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.
Qurilish vazirligi tomonidan uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlari doirasidagi uy-joylar loyihalari, ularni dislokatsiyasi (joylashuvi), soni, ishlatiladigan qurilish materiallari, narx-navo shakllanishi, koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi narxi, soni va boshqalarni oʻz ichiga olgan www.uy-joy.mc.uz veb-portali yaratildi.
Shu bilan birga, Ipoteka kreditlarini berish va subsidiyalar ajratish tartibi, uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, ular tomonidan qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni, qiymati va joylashuvi, kredit olish mumkin boʻlgan tijorat banklari va ular tomonidan beriladigan kreditlarni shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi www.ipoteka-bozori.uz Ipoteka veb-portali ishga tushirildi.
Bugungi kunda ikkala veb-portallar integratsiya qilish yoʻli bilan bir-biriga bogʻlandi hamda fuqarolar uchun maʼlumotlar olinishi yana-da yengillashtirildi.
Bundan tashqari, ishlab chiqilgan yakka tartibdagi 9 tipdagi 3, 4 va 5 xonali yakka tartibdagi uylar qurish namunaviy loyihalari bepul foydalanish uchun vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi hamda doimiy ravishda yangilanmoqda.
Tanlangan massivlarga moliyaviy barqaror, salohiyatli, yetarli moddiy-texnik bazaga, mutaxassislarga va yetarli tajribaga ega pudrat tashkilotlarini aniqlash maqsadida amaldagi qonunchilikka muvofiq, namunaviy tanlov hujjatlari ishlab chiqildi hamda bugungi kunda mazkur obyektlar boʻyicha oʻtkazilayotgan tender savdolarida muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda.
Shu oʻrinda, mazkur tenderlarda ishtirok etish uchun Qurilish - pudrat tashkilotlari reytingida SS va undan yuqori darajada boʻlganlar roʻyxatidan tanlab olinadi.
Mazkur obyektlarda uy-joylar qurilishi ustidan davlat nazorati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan olib boriladi.
Joylarda bevosita ijrochilar ishlarni toʻgʻri tashkil etishi uchun Hukumat va tegishli vazirliklar rahbarlari ishtirokida oʻquv seminarlar tashkil qilinib, hududiy hokimliklar, banklar va buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilishi dolzarb boʻlgan yoʻnalishlar belgilab berildi.