“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻiga asosan uglevodorod xomashyosining qayta ishlash hajmini koʻpaytirish, zaxirani oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida jami 764,2 ming tonna uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Birja savdolarini kuzatadigan boʻlsa yanvar-iyun oylarida respublika isteʼmolchilariga sotilgan jami avtobenzinning 75-80 foizi, dizel yonilgʻisining 45-50 foizi Oʻzbekneftgaz” AJ hissasiga toʻgʻri kelganligini koʻrish mumkin.
Shuningdek, joriy yilning iyul oyida “Uzbekistan GTL” zavodi oʻz ish faoliyatini boshlaganligi hisobiga yuqori sifatli Yevro rusumidagi sintetik dizel yonilgʻisi ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda Respublika isteʼmolchilarining dizel yonilgʻisiga boʻlgan etiyojini 18-20 foizi ushbu yangi turdagi yonilgʻi bilan qoplanishi kutilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida shuni takidlash kerakki, Jahon bozorida “Brent” markali neft narxining oʻzgarishi butun dunyoda benzin, dizel yonilgʻisi va boshqa turdagi neft mahsulotlarining narxlarini oʻsishi yoki tushishiga taʼsir etuvchi muhim omil boʻlmoqda. Bugungi kunda, benzin rekord darajada qimmatlashi natijasida Germaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Islandiya, Gretsiya va boshqa koʻplab yevropa davlatlarida benzin narxi 1,2 – 2,0 barobarga oshgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan isteʼmolchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish hamda ularning narxlarini barqaror saqlab turish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Ushbu saʼi-harakatlar natijasida oʻtgan davr mobaynida tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish, neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlari ijrosi bajarilishiga erishildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati