4-sentabr, chorshanba kuni AQShning Jorjiya shtatidagi “Apalachi” o'rta maktabida 14 yoshli o'quvchi o't ochdi. Kamida to'rt kishi halok bo'ldi, to'qqiz kishi jarohat olib kasalxonaga yotqizildi, deya xabar beradi Jorjiya tergov byurosi. Ikki nafar o'quvchi va ikki nafar o'qituvchi hujum qurboniga aylandi.

CNN manbalarining aytishicha, jabrlanganlar soni 30 nafarga yetishi mumkin, ammo ularning qanchasi o'qdan jarohat olgani noma'lum. Shifoxonaga yotqizilgan o'quvchilar va bir o'qituvchi yashab ketadi, deya xabar bermoqda telekanal Barrou okrugi sherifiga tayanib.

Hujum uyushtirgan shaxs Kolt Grey ekanligi aniqlanib, qo'lga olindi va qotillikda ayblandi. Rasmiylarga ko'ra, politsiya Uinder shahridagi maktabga otishma boshlanganidan bir necha daqiqa o'tib yetib kelgan va o't ochgan o'quvchi darhol huquq-tartibot xodimlariga taslim bo'lgan.

CNN ta'kidlaganidek, o'tgan yili Grey internet orqali maktabda otishma sodir etish bilan tahdid qilgani haqidagi anonim xabarlar yuzasidan politsiya tomonidan so'roq qilingan edi. O'sha so'roq paytida o'quvchi o'z aybini tan olmadi.

Uinderda xavfsizlik kuchaytirildi. GBI rahbari Kris Xosi Greyning sherigi borligi haqida hech qanday dalil yo'qligini aytdi. Shu bilan birga, Xosining aytishicha, politsiya yaqin atrofdagi maktablarda boshqa tahdidlar bor-yo'qligini tekshirmoqda, deb xabar beradi dw.com.