Muxbirlar aksari oʻsayotgan yoshlar. Gʻayratli. Mehnatga oʻch. Qoraqalpogʻistonning barcha shahar, qishlogʻidan tortib Surxonning togʻlaru bagʻirdor adirlar oralab joylashgan qadim obod makonlarigacha doim uning nigohida. Doim zamonaviy barcha muammoga, aholining ehtiyojlari, talablari, istaklari, orzulariga quloq tutadi. Hukumatga yaqin fikr-mulohazalarni sergaklik bilan bayon etadi. Oʻzbekiston Prezidentining mamlakat taraqqiyoti, istiqboli, nihoyatda keng miqyosdagi faoliyati bilan chambarchas bogʻliq qirralarni, maʼno-mazmunni, uzluksiz yangrab turadigan tashabbuslar, xalqaro maydonda aks sado topadigan qamrovli gʻoyalarni omilkor, bilimdon, taʼsirchan tarzda oʻquvchilariga yetkazib boradi. Prezident va hukumat yuritayotgan tashqi va ichki siyosat xalqimiz uchun juda yaqin, tushunarli va shuning uchun bu siyosatni jon-dildan maʼqullab kutib oladi. Oʻz faoliyatida uning mohiyatini gʻayrat, aql-idrok, ilm, bilim, ilhom, ishtiyoq bilan amalga oshiradi.
Gazeta oʻz sahifalarida Oʻzbekiston aholisining barcha qatlamiga xos orzu-istaklar, hayotiy nuqtayi nazarlar, fikr-mulohazalarni izchil surʼatda muntazam aks ettirib boradi. Ayniqsa, yoshlar hamda xotin-qizlarning chiqishlariga katta eʼtibor qaratadi. Bu chiqishlarda Oʻzbekistonda ijtimoiy ong qirralari yorqin shakllanib, tafakkur oʻzgarib, yangilanib, mazmundor, foydali yoʻsin kasb etayotganini kuzatish mumkin.
Gazetaning muntazam oʻquvchisi sifatida bundan juda zavqlanaman. Matbuotning faoliyat maydonida foydali, ijtimoiy jihatdan qimmatli fikrlar, gʻoyalar umumxalq muhokamasiga qancha koʻp qoʻyilsa, ular ijtimoiy hodisa sifatida fikr va muloqot maydoni, muhiti yaratilsa, ong shunchalar oʻsadi, oʻtkirlashib boradi. Dolzarb masalalarni yechish va hal qilish yoʻllari ochiladi, turli byurokratik toʻsiqlarni adl yengib oʻtish imkoniyati ochiladi. Hozirgi Oʻzbekistonda hayot imkoniyati juda katta. Bu oʻrinda oʻsish, oʻzgarish imkoniyatlarini nazarda tutyapman. Lekin turli sabablarga koʻra, taklif etilayotgan ijtimoiy qulay bu imkoniyatlardan oʻzi tashabbuskor boʻlib, ijodiy foydalanayotganlar koʻp emas. Koʻpincha oson va qulay pul topish yoʻllari tanlanmoqda.
Prezidentimiz yaqin kunlarda boʻlib oʻtgan Birlashgan Arab Amirliklariga safarida jahonda sunʼiy intellekt bilan bogʻliq juda koʻp jozibador masalalarga toʻxtalib oʻtdi. Sunʼiy intellekt yaqin kelajakda insoniyatni juda yuksak taraqqiyotga olib chiqadigan behad buyuk voqea. Oʻzbekiston hozirdan boshlab bu katta masala bilan izchil qatʼiyat bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladi. Kelajagimiz koʻrinayotgan ufqlar shuni taqozo qiladi. Bu sohada ulugʻ-ulugʻ izlanishlar oldimizda yastanib yotibdi. Bu — yoshlar va olimlar jasorat hamda zakovat koʻrsatadigan maydon. Yashash imkoniyatimiz juda koʻp tomondan shunga bogʻliq. Umid qilamizki, moʻtabar gazetamiz zamonning nihoyatda aktual muammolarini oʻz sahifalarida muntazam yoritib boradi. Oʻzbekistonda salohiyatli intellektual kuchlar dadil yuzaga chiqishi uchun xizmat qiladi. Nashr oʻz yoʻnalishini ijtimoiy-siyosiy gazeta deb belgilagan. U endi jahon miqyosida roʻy berayotgan ilmiy, siyosiy, ijtimoiy voqealarni ham oʻquvchilari uchun aks ettirib borsa, dunyodan xabardorlik oʻsar, dunyo afkor ommasi koʻp yozayotgan global ong ham ilmiy-amaliy qirralari bilan namoyon boʻla borardi.
Ongning yuzaki va chala boʻlib qolishi hozirgi jamiyatlarga sira foyda keltirmaydi. Obroʻ-eʼtiborli gazetamizga doimo yangiliklar ichida qaynashi va oʻquvchilar uchun sevimli boʻlishni tilaymiz.
Ibrohim GʻAFUROV,
Oʻzbekiston Qahramoni









