Birinchi chorakda yalpi ichki mahsulot 3 foizga, sanoat – 3,8 foizga, qishloq xoʻjaligi – 3,1 foizga oʻsgani maʼlum qilindi.

— Bugun har bir tarmoq rahbari biror muammo boʻlsa aytishi kerak. Har bir masalaning yechimini topish shart, — deydi Shavkat Mirziyoyev. — Ura-ura qiladigan rahbarlar kerak emas. Murakkab pandemiya davrida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash kerak. Vazirliklar, hokimliklar, tarmoqlarda vertikal tizim ishlamayapti. Tashabbuskorlik yetishmayapti. Shuncha vazir oʻrinbosarlari nima ish bilan shugʻullanyapti? Vazirlarning oʻrinbosarlari ham qonun doirasida masʼuliyat va javobgarlikni oʻziga olishi kerak. Agar har kim oʻz vazifasini bajarsa, korrupsiyani yoʻq qilsak, joylarda vazirning vertikal tizimi ishlasa, natija boʻladi.

Shuningdek, Prezident sanoat tarmoqlarida oʻsish koʻrsatkichlarini qoʻshib yozish holatlari kuzatilayotgani haqida gapirdi.

— Biz paxtada “pripiska”ni yoʻq qildik, lekin sanoat tarmoqlarida qoʻshib yozishni yoʻq qilolmayapmiz. Bu nima degan gap? Hokimlar tanish-bilish qilib, sherik boʻlib asl holatni berkitishyaptimi? Prognozni bajarolmasa, nega rahbar boʻlib oʻtirishi kerak? deya tanqid qildi davlat rahbari.

Birinchi chorakda “Oʻzavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, “Oʻzbekneftgaz” – 4,7 foizga, charm mahsulotlari – 10 foizga pasaygan.

Soʻnggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshsa-da, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish 22 foizga kamayishini qanday izohlash mumkinb deya mutasaddilarga savol berdi Prezident.

Davlat rahbari vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tarmoq va bank rahbarlariga may-iyun oylarida birinchi navbatda asosiy energoresurslar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish lozimligini taʼkidladi.