Joylardagi “metan” gazi tan narxini oshirgan “zapravka” tarmoqdan uzilmoqda

    “Oʻzenergoinspeksiya”ning xabar berishicha, joylarda “Metan zapravka”larda sotilayotgan tabiiy gazning tan narxini oshirganlik holati uchun qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 173-sonli qarori bilan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 2024-yil 1-iyungacha bir kub metr uchun 3 350 soʻm etib belgilangan edi.

    Bu borada “Oʻzenergoinspeksiya”ning barcha hududiy boshqarmalari tomonidan joylarda doimiy nazorat tadbirlari oʻkazilib, isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan oʻrganilmoqda.

    Maʼlumki, ushbu qaror talablariga rioya qilmagan AGTKSHlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishi oldindan ogohlantirilgan edi.

    Joriy yilning 2-aprel kuni Andijon viloyati, Izboskan tumanida joylashgan “B.I.M” MCHJga qarshli AGTKSH asossiz ravishda narxni oshirganlik holati yuzasidan kelib tushgan murojaat “Oʻzenergoinspeksiya” Andijon viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkorlik bilan oʻrganildi.

    Oʻrganish natijasida ushbu AGTKSH masʼullari ogohlantirilishiga qaramasdan suniy ravishda narxni oshirganlik holati aniqlandi. Ushbu noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar koʻrilib, qoidabuzar istemolchi tabiiy gaz tarmogʻidan ajratildi.

    Shuningdek, Namangandagi gaz toʻldirish shahobchalarida 3800 soʻmga koʻtarilgan gaz narxi 3350 soʻmga tushurildi.

    Ayni damda Namangan viloyatidagi deyarli koʻplab gaz toʻldirish shahobchalarida 1 kub gaz narxi 3350 soʻmdan sotilmoqda.