JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreiyesus BMT sogʻliqni saqlash agentligi maslahat guruhining bu boradagi toʻxtamini “tarixiy lahza” deb atadi.
RTS, S va “Moskiriks” deb nomlanuvchi bezgakka qarshi vaksina 1987-yilda Britaniyaning GlaxoSmithKline (GSK) farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
“Bu afrikalik olimlar tomonidan tadqiq qilingan vaksina va biz bundan gʻururlanamiz. Bezgakning mavjud profilaktikasini yana ham kengaytirish va ushbu emlashdan foydalanish har yili oʻn minglab yoshlarning hayotini saqlab qolishi mumkin”, — dedi JSST bosh direktori.
2019-yildan buyon JSST Gana, Keniya va Malavida 800 mingdan ortiq bolada preparatning samaradorligini sinovdan oʻtkazdi.
Taxminan toʻrt yil davom etgan klinik tadqiqotlarga koʻra, preparat bezgak infeksiyasining 39 foizi, bolalar orasida ogʻir holatlarning 29 foizining oldini oldi. Shu bilan birga, yozda London tropik tibbiyot maktabi olimlari RTS,S ga qarshi emlangan va ayni paytda bezgakka qarshi dorilarni qabul qilgan bolalar orasida kasalxonaga yotqizish yoki oʻlim holati 70 foizga kamayganini aniqladi.
“Bu oldinga katta qadam”, dedi Kembrij tibbiy tadqiqotlar instituti direktori Julian Reyner.
Emlashni sinovdan oʻtkazgan JSST guruhini boshqargan doktor Alekandro Kraviotoning aytishicha, vaksinani ishlab chiqish juda qiyin boʻlgan.
“Biz hali juda samarali vaksinaga erisha olmadik, lekin hozir bizda mavjud boʻlgan bu emlash xavfsizligi bilan ahamiyatlidir”, dedi Kravioto.
Bezgak — chivin chaqishi orqali odamlarga yuqadigan yuqumli kasallik. Kasallik isitma, titroq, taloq va jigar kengayishi, kamqonlik bilan kechadi. Har yili taxminan 350-500 million kishi bu kasalikka chalinadi. Ulardan 1,3 dan 3 million nafargacha bemor vafot etadi. Asosan, bu kasallik Afrikada keng tarqalgan.









