JSST: Dunyoda mpox virusi yana faollashmoqda

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining xabar berishicha, dunyoning baʼzi mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi yana faollasha boshladi.

    Xususan, kasallik shu yil 8-maydan 2-iyul sanasiga qadar Janubiy Afrika Respublikasida yashovchi 20 nafar bemorda aniqlandi. Infeksiya oqibatida 3 kishi hayotdan koʻz yumdi.

    Bu — mintaqada 2022-yildan buyon qayd etilgan ilk holat. Oʻshanda besh kishiga maymun chechagi tashxisi qoʻyilgan, biroq oʻlim holatlari qayd etilmagandi.

    Umuman, 2024-yilning 1-mayidan 31-mayiga qadar 26 ta davlatda ushbu virusni yuqtirgan 646 nafar bemor roʻyxatga olindi. Eng koʻp kasallanish koʻrsatkichlari Afrika (43,5 foiz), Yevropa (21,8 foiz) hamda Janubiy va Shimoliy Amerika (20,4 foiz) mintaqalari hissasiga toʻgʻri keldi.

    Shuningdek, epidemiyadan Kongo Demokratik Respublikasi aholisi jiddiy aziyat chekdi. Bu yerda may oyida 377 ta yangi holat aniqlandi.