Unga koʻra, ushbu xavfli illat tufayli dunyoda har yili 3 million kishi hayotdan koʻz yummoqda. Bu har 10 soniyada bir kishi ichkilikbozlik qurboniga aylanayotganidan dalolat beradi.
Boshqacha aytganda, jahonda sodir boʻlayotgan bevaqt oʻlimlarning taxminan 5 foizi spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish natijasida kelib chiqmoqda. Eng achinarlisi, ana shu ayanchli qismat egalarining qariyb 14 foizini 20-39 yosh oraligʻidagi insonlar tashkil etyapti.
Tadqiqotlarga koʻra, spirtli ichimliklarning zararli taʼsiri oʻsmirlar va yoshlar hayotiga yanada koʻproq xavf solmoqda. Bundan tashqari, sayyoramizning turli nuqtalarida xotin-qizlar ham bu illatga mukkasidan ketayotgani achinarlidir.
Toʻgʻri, hozir dunyo boʻyicha alkogol isteʼmolining toʻrtdan uch qismi erkaklar hissasiga toʻgʻri keladi. Ammo kelgusida bu statistika oʻzgarib, unda ayollarning ulushi oshib ketishi mumkin.
Xoʻsh, buning sababi nimada?
JSST mazkur holatni qator mamlakatlarda alkogol mahsulotlari reklamasi va marketingiga zoʻr berilayotgani bilan izohladi. Hammasidan ham internetda onlayn eʼlonlar tobora keng oʻrin olayotgani xavotirlidir.
Chunki, oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, spirtli ichimliklarga moyilligi yuqori kishilar ularning jozibador reklamasi bilan toʻqnash kelganda, kamdan-kam hollardagina nafsini jilovlay olishadi.
Shu bois JSST hukumatlar va sogʻliqni saqlash tuzilmalarini ogohlikka chaqirib, alkogol mahsulotlari reklamasi bozorini tartibga solishga chaqirdi.
“Spirtli ichimliklar yoshlarning nafaqat sogʻligi, hayoti va oilasiga, balki butun jamiyatga tahdid solmoqda, — deydi tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus. — Shunga qaramay, ularning savdosi va reklamasi ustidan oʻrnatilgan nazorat boshqa psixotrop moddalarga nisbatan ancha zaif.
Bu borada samaraliroq chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohani tartibga solish orqali qanchadan-qancha yoshlar hayotini saqlab qolishga erishishimiz mumkin”.
Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar reklamasi taqiqlangan.