Hatto o‘tgan oyda Hindistonda aniqlangan BA.2.75 subvarianti qisqa muddatda o‘nga yaqin davlatlarga kirib bordi. Albatta, bularning barchasi  jahonda COVID-19ni yuqtirganlar soni kun sayin oshishiga turtki bo‘lyapti. 

Ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatda dunyo olimlari xastalikni jilovlash uchun yangi tadqiqotlar olib bormoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, endi isitma yoki hid va ta’m bilish qobiliyatining yo‘qolishi koronavirus infeksiyasiga xos asosiy belgilar emas! 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maxsus vakili Devid Nabarro bu haqda to‘xtalar ekan, ayni paytda tomoq va bosh og‘rig‘i hamda burun bitishi yangi mutasiyalarning yetakchi alomatlari sifatida namoyon bo‘layotganini qayd etdi. 

“Hozir SOVID-19 juda “aqlli” virusga aylanmoqda, — deydi u. —  Shu sababli unda inson immunitetiga “chap berish” xususiyati rivojlanyapti. Bu esa kasallanishlar soni ortishiga xizmat qilyapti”.

Shunga qaramay, mutaxassislar koronavirusga qarshi vaksinalar yangi mutasiyalarning bemorlarda yengil va asoratsiz o‘tishini ta’minlaydi, degan fikrda.