Eng koʻp kasallanish koʻrsatkichlari Buyuk Britaniya hissasiga toʻgʻri kelmoqda — 207 nafar. Ikkinchi oʻrinda 156 nafar bemor bilan Ispaniya, uchinchi oʻrinda esa 138 ta holat bilan Portugaliya boryapti.
Shimoliy Amerika, Avstraliya hamda Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham oʻsish dinamikasi kuzatilmoqda. Vaholanki, JSSTning 26-may kuni eʼlon qilingan hisobotida ushbu infeksiya bilan xastalanganlar soni 257 nafardan iborat edi. Bir hafta ichida mavjud koʻrsatkichlar 203 foizga oshgani mutaxassislarda xavotir uygʻotyapti.
Maʼlumki, Gʻarbiy Afrika davlatlari maymun chechagining tabiiy oʻchogʻi hisoblanadi. Biroq kasallik aniqlanayotgan bemorlarning aksariyati ushbu qitʼada sayohatda boʻlmagan. Yaʼni infeksiya endemik boʻlmagan davlatlarda avj olmoqda.
Bu holat xastalik biz oʻylagandan avvalroq ushbu mamlakatlarga kirib kelgan, degan taxminlarga sabab boʻlmoqda. Shunga qaramay, yangi roʻyxatga olingan bemorlar orasida hozircha oʻlim holatlari kuzatilgani yoʻq. Shu bois JSST hali maymun chechagi global pandemiya uchun asos boʻlmaydi, degan xulosada, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.