Natijada “omikron” haqida kuniga yangidan-yangi maʼlumot va xulosalar paydo boʻlyapti.
Masalan, JSSTning COVID-19ga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili Devid Nabarroning qayd etishicha, ushbu shtamm bilan kasallanish holatlari har 2-3 kunda ikki barobar ortib borayotir.
Xavotirli jihati, bu boradagi koʻrsatkichlar bir hafta ichida 8 barobar oshishi mumkin. Ikki haftadan soʻng esa vaziyat 40 barobar xavfliroq tus olishi ehtimoli katta.
Oʻshanda bunday oʻta murakkab epidemiologik holat, eng avvalo, Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash tizimini juda tang ahvolga solib qoʻyadi. Yevropa, qolaversa, jahonning boshqa mamlakatlari ham pandemiyaning yangi toʻlqinidan katta zarar koʻradi.
Aslida, Buyuk Britaniyada hozirning oʻzidayoq ahvol tashvishlanarli. 15-dekabr holatiga koʻra, bu yerda koronavirus bilan kunlik kasallanish holatlari qariyb 78 mingtaga yetgan.
Yaqinda Buyuk Britaniya Sogʻliqni saqlash vaziri Sajid Javid mamlakatda “omikron” qayd etilgan bemorlar soni 4,7 ming nafarni tashkil etayotganini maʼlum qilgan edi. Oradan 3 kun oʻtib bu koʻrsatkich 10 mingtaga yetdi.
Shunga qaramay, mutaxassislar vaksinatsiya samarasiga katta umid bogʻlayapti. Xususan, qoʻshimcha dozada emlanganlar “omikron”dan ishonchli himoyalanishi yoki ularda kasallik yengil oʻtishi aytilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.