Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va “COVID-19”ga javob berish global jamgʻarmasi orqali JSST Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan, umumiy qiymati 300 ming AQSH dollariga teng insonparvarlik yukining navbatdagi partiyasini, JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida, Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berdi. Bu safar Istanbul reysi orqali 500 ta kislorod konsentratorlari yetkazib berildi. Haftaning oxirida laboratoriya ishlari uchun zarur boʻlgan sarflanadigan materiallardan iborat yana bir yuk kelishi kutilmoqda.

- Pandemiyaning boshidan JSST vakolatxonasi BMT hamkor agentliklari bilan birgalikda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan yaqindan ishlab kelmoqda. Kerakli asbob-uskuna va himoya vositalarini yetkazib berish – bu mamlakatga koʻrsatilayotgan koʻmakning bir qismidir. Bulardan tashkari, JSST shifokorlar, hamshiralar, boshqa tibbiy xodimlar malakasini oshirishga, laboratoriya xodimlarini oʻqitishga, xalqaro tajribadan foydalangan holda davolash protokollarini tuzishda koʻmaklashishga, koronavirus infeksiyasi toʻgʻrisidagi doimiy ravishda yangilanib borayotgan xalqaro axborotni erkin olish imkoniyatini taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda, - deb tushuntirdi doktor Lian Kuppens, JSSTning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakili.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Toshkentga insonparvarlik yuklarini joʻnatishni muntazam ravishda amalga oshiryapti. Masalan, iyulda mamlakatga umumiy qiymati 4 million AQSH dollaridan yuqori boʻlgan yuklar yetkazib berildi. Oʻz ichiga yuz uchun 619 400 ta himoya qalqonchasi va 2 176 000 dona jarrohlik niqobini olgan birinchi partiya 8-iyulda yetib keldi. 17-iyulda tibbiy xodimlar uchun quyidagi shaxsiy himoya vositalari qabul qilindi: 95 200 dona himoya koʻzoynaklari, 178 000 dona himoya kombinezonlari, 12 000 dona jarrohlik niqoblari va 1 064 000 dona KN95 respirator niqoblari. 24-iyulda poytaxtga 38 400 doma test-tizimlari va boshqa laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berildi.

Asbob-uskunalar va himoya vositalari Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga taqdim qilindi.