Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2030-yilga borib yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.
Eng yomoni, muammo koʻlami hozirdanoq tashvishlanarli darajaga yetgan. Shu bois kecha JSST semizlikni Yevropa mintaqasida epidemiya deb eʼlon qildi.
Tashkilot hisobotida keltirilishicha, koʻhna qitʼada yashovchi katta yoshli aholining 60 foizi ortiqcha vazn va semirishdan aziyat chekyapti.
Qolaversa, har uch boladan biriga (oʻgʻil bolalarning 29 foizi va qizlarning 27 foiziga) shu tashxis qoʻyilgan. Eng yomoni, mazkur kasallik tufayli har yili 1,2 million kishi hayotdan koʻz yummoqda.
Xoʻsh, bu muammoni qisqa muddatda bartaraf etish mumkinmi?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasiga koʻra, hozirgi dinamikani hisobga olganda, Yevropadagi hech bir davlat 2025-yilgacha semirishga qarshi kurashda ijobiy natijaga erisha olmaydi.
Jismoniy faollikning pasayishi, notoʻgʻri ovqatlanish, koronavirus cheklovlari tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlar yaqin yillarda odamlar salomatligiga ziyon yetkazishda davom etadi.
Ana shularni inobatga olib, JSST muammoni samarali hal etishga qaratilgan qator tavsiyalarni taqdim etdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Unga koʻra:
- tarkibida shakar boʻlgan ichimliklar uchun soliq joriy etilishi katta samara beradi;
- salomatlik uchun foydali boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari narxini pasaytirish maqsadga muvofiq;
- aholining sport musobaqalari va sogʻlom turmush tarzini taʼminlashga qaratilgan boshqa tadbirlardagi ishtirokini kengaytirish kerak;
- birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish tizimini soddalashtirish lozim.