Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birga COVAX dasturini amalga oshirayotgan Vaksinalar va emlash boʻyicha xalqaro alyansning ichki hujjatlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Qayd etilishicha, mexanizm allaqachon mablagʻ yetishmasligi muammosiga, yetkazib berishning barbod boʻlish xavfiga va COVAX ishtirokchilari uchun murakkab kelishuv shartlariga duch kelgan.

“COVAX mexanizmining muvaffaqiyatsizlikka uchrash xavfi yuqori”, — deyiladi alyans boshqaruvi hisobotida. Mazkur hisobot boshqa hujjatlar qatorida alyansning 15—17-dekabr kunlari oʻtkazilayotgan direktorlar kengashida muhokama qilinmoqda. Hujjatda qayd etilishicha, xavfning yuqori darajasi dasturni amalga oshirishning qisqa muddati va zarur tajribaning yetishmasligi bilan bogʻliq.

Alyans tomonidan agentlikka maʼlum qilinishicha, “bunday keng miqyosli dasturga bogʻliq xatarlarni baholamaslik va ularni kamaytirish uchun siyosat va vositalar ishlab chiqmaslik masʼuliyatsizlik boʻladi”.
COVAX ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirishni qoʻllab-quvvatlash va markazlashgan xaridlarni amalga oshirish boʻyicha mexanizm hisoblanadi.

Hozirgi paytga qadar mazkur tashabbusga 180 dan ortiq davlat qoʻshilgan. Dastur shartlariga koʻra, daromad darajasi yuqori boʻlgan davlatlar vaksinalar xaridi uchun pul toʻlaydi va shu tariqa bu sohadagi moliyalashtiriladigan davlatlarga subsidiya beradi. Rejalarga koʻra, mazkur mexanizm doirasida 2021-yilning oxiriga qadar butun dunyo boʻyicha 2 milliard doza vaksina ishlab chiqarilishi va tenglik asosida taqsimlanishi kerak.