Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tezkor ravishda yangi emdorilar ishlab chiqish zarur boʻlgan 17 ta patogen roʻyxatini taqdim etdi.
Mutaxassislar xulosasiga koʻra, OIV, bezgak va tuberkulyozga qarshi yanada samarali emdorilar yaratish boʻyicha izlanishlarni davom ettirish kerak. Chunki xuddi shu xastaliklar tufayli yiliga 2,5 million kishi hayotdan koʻz yummoqda.
JSST roʻyxatidan joy olgan birinchi guruhga munsub quyidagi kasalliklarga qarshi hali emlash vositalari mavjud emas:
- A guruhiga kiruvchi streptokokklar,
- gepatit C virusi,
- OIV-1 (HIV-1)
- Klebsiyella pnevmoniyasi.
Ikkinchi guruhga mansub quyidagi patogenlarga qarshi vaksinalar yaratilgan, ammo ularni kelgusida yanada takomillashtirish zarur:
- sitomegalovirus,
- gripp virusi,
- leyshmanioz,
- salmonellyoz,
- norovirus,
- bezgak plazmodiyasi,
- shigella,
- tillarang stafilokokk.
Uchinchi guruhga mansub quyidagi kasalliklarga qarshi vaksinalar esa nazorat qiluvchi organlar tomonidan roʻyxatga olinish arafasida:
- denge bezgagi,
- B guruhiga kiruvchi streptokokklar,
- ichak tayoqchasi,
- tuberkulyoz,
- respirator-sinsitial virus.