Tadbirlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” dasturi doirasida tashkil etildi. Ularda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B.Abidov rahbarligidagi Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralar guruhi vakillari, UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi ekspertlari, vazirliklar, tarmoq birlashmalari, ishbilarmonlar assotsiatsiyalari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirlar davomida xorijiy ekspertlarning taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Ularda mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishining afzalliklari va muammolari, ushbu jarayonda xususiy sektorning roli, “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” dasturi doirasida oʻzbek biznesi vakillariga texnik koʻmak koʻrsatish yoʻnalishlari ochib berildi. Shuningdek, ishtirokchilar JST doirasida xizmatlar savdosini tartibga soluvchi bitimlar, xizmatlar savdosi boʻyicha muzokaralar xususiyatlari hamda muzokaralar jarayonida xususiy sektor va hukumat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning dolzarb jihatlari bilan tanishdilar.

Aniq holatlar misolida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash choralari hamda ularni xorijiy yetkazib beruvchilarning insofsiz raqobatidan himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishining xizmat koʻrsatish sohasiga taʼsiri muhokama qilindi.

Aholi salomatligini taʼminlash, noqonuniy savdoga qarshi kurashish, toʻlov balansini muvozanatlash va boshqa holatlarda davlat tomonidan cheklovchi choralarni qoʻllash imkoniyatlari ham oʻrganildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.