Emlash punktlariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan vaksinaning birinchi dozalari yetkaziladi

    Fan 30 Sentabr 2021 1638

    Bugun, 30-sentyabr kuni, “Jurabek Laboratories” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 458 820 dozasi Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillariga topshirildi.

    Hozirgi kunda qoʻshma korxona tomonidan jami 7 million doza vaksina ishlab chiqarilgan boʻlib, keyingi dozalari bosqichma-bosqich emlash punktlariga yetkazib beriladi. Vaksina topshirish marosimida innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilshod Akbarov ishtirok etdi.

    “Jurabek Laboratories” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan mazkur vaksinani ishlab chiqarish Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlab chiqarishning tashkil etilishi Oʻzbekiston va Xitoy olimlari, virusologlarining hamkorligi natijasidir.

    COVID-19ga qarshi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan.

    Mazkur vaksina 3-faza klinik sinovlari natijalariga koʻra 3-dozadan soʻng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76%, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93% tashkil etdi.

    Preparatning ampula shaklini ishlab chiqarish Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. biofarmatsevtika korxonasida ishlab chiqarilgan vaksinaning original substansiyasi asosida amalga oshirildi.