18-20-avgust kunlari OAV vakillari, davlat idoralari matbuot xizmatlarining xodimlari, shuningdek marketologlar va PR menejerlari uchun “Jurnalistning raqamli formatdagi faoliyati: ijtimoiy tarmoqlar va blogerlik, koronavirus va oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish, tashqi va ichki taʼsir” mavzusida onlayn trening boʻlib oʻtmoqda.

Uni qozogʻistonlik PR-mutaxassis, jurnalist, media menejeri Mixail Dorofeyev olib boradi. M. Dorofeyev oʻz sohasida yetakchi mutaxassislardan boʻlib, Qozogʻiston Prezidenti huzuridagi Milliy ishonch milliy kengashi aʼzosi, Qozogʻiston Media alyansi asoschisi va boshqaruv aʼzosi, PR boʻyicha “Aq Mergen” milliy mukofotining doimiy hayʼat aʼzosi sanaladi.

Trening Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Mass-media fondining qoʻshma dasturi doirasida olib borilayotgan media-treningni muvaffaqiyatli tugatgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.