Ijtimoiy tarmoqlarda "Ko'prikqurilish" tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo'l o'tkazgich qurilishi ob'ektida o'sha erdagi mas'ul shaxs Zo‘rTV telekanali muxbiri va tasvirchisiga nisbatan xizmat faoliyati vaqtida haqoratli so'zlar bilan tasvirga olish ishlariga to'sqinlik qilgani va kuch ishlatgani haqidagi videolavha yuzasidan "O'zbekiston temir yo'llari" AJ munosabat bildirdi.

"OAV vakillariga zo'ravonlik ko'rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim — "Ko'prikqurilish" tresti unitar korxonasi 67-Ko'prikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi N.Eshniyazovning ishini keskin qoralaydi", - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, bugunning o'zida N.Eshniyazov Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan ishdan bo'shatilgan. "O'zbekiston temir yo'llari" AJ rahbariyati holat yuzasidan huquq-tartibot organlari qonunchilik normalariga asosan tegishli choralar ko'rishini qo'llab-quvvatlaydi.