Tadbirda yigirmaga yaqin markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Media tuzilmalar jurnalistlari bu maskandagi oʻz taqdirini vatan taqdiri, ertasi bilan bogʻlagan iqtidorli oʻquvchilar bilan jonli suhbatda boʻlishdi.

Namangan Prezident maktabi. Bu eʼtirofning oʻziyoq marrani baland olib, oʻz orzulari yoʻlida astoydil intilayotgan yoshlarga katta masʼuliyat yuklaydi. Ahamiyatlisi, ziyo maskanida oʻzining mustaqil fikriga ega, qatiyatli, ilmga chanqoq oʻgʻil-qizlar ana shu yuksak ishonchni his etib astoydil bilim olmoqdalar va har tomonlama tegdoshlariga namuna boʻlib kelmoqda.

Maktab davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-fevral – 1-mart kunlari viloyatga tashrifi davomida berilgan topshirigʻiga asosan 2019-yilda Namangan shahrida qurib, foydalanishga topshirilgan. Buguni kunda maktabda 144 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. Mazkur dargohga kirish yurtimiz taʼlim muassasalarining 4 sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari va yozma imtihon natijalariga koʻra amalga oshiriladi. Qabul imtihonlari Kembrij Universitetining (Cambridge Assessment International Education) brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Safar davomida biz oʻzimiz uchun maktabning koʻplab iqtidorli, bilimga chanqoq oʻquvchilari qatorida Mironshoh Inomjonovni kashf qildik. Ziyolilar oilasida voyaga yetgan Mironshoh ilk saboqni Norin tumanidagi 2 sonli rus tiliga ihtisoslashgan maktabda oladi. U boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan kezlaridayoq matematika faniga qiziqar, oddiy misollardan tortib murakkab masala, mantiqiy amallar, kasr, surat kabi atamalarni ustozlaridan chuqurroq oʻrganishga intilardi. Bu ishtiyoq uni keyinchalik Namangan shahridagi 2 sonli davlatga ihtisoslashgan maktab internatiga yetaklaydi.

Mironshohning onasi Sohiba opa oʻqituvchi. Oʻquvchilarga biologiya fanidan saboq beradi. Ona oʻgʻlidagi fanga boʻlgan qiziqishni ancha ilgariroq anglagan va uning aqlini charxlash ustida koʻp ishladi. Qoʻshimcha fanlardan toʻgaraklarga, til kurslariga, sport mashgʻulotlariga jalb qiladi. Bir daqiqa boʻlsada vaqtini bekorga oʻtkazmadi. Mehnatlari besamar ketmadi. Mironshoh maktab internatining 9 sinfni tamomlagandan soʻng Namangan shahrida ochilgan nufuzli maktabga, minglab oʻquvchilar “Qani edi men ham shu yerda oʻqisam” deya orzu, havas qiladigan dargohga oʻz kuchi, bilim-salohiyati bilan oʻqishga kiradi.

–Oʻgʻlim bogʻchada oʻqib yurgan paytlaridayoq qoʻllarida qoʻshish, ayrish amallarini bajarar, tushunmagan narsalarini esa mendan soʻrar edi. Undagi ishtiyoq meni ham ona, ham oʻqituvchi sifatida quvontirar, demak, unga alohida eʼtibor bilan qarash kerakligi, ilmga boʻlgan ishtiyoqini sindirib qoʻymaslik masʼuliyatini yuklardi. Mironshoh oʻz kuchi bilan Prezident maktabiga kirganini eshitganimda koʻzimdan yosh chiqib ketdi. Albatta, quvonch yoshlari. Mehnatlarim zoye ketmagani, otasi bilan uning bilim olishi, kelgusida vatanimizga munosib kadr qilib tarbiyalash borasidagi harakatlarimiz toʻgʻri ekanligiga yana bir bor amin boʻldim. Uning qoʻlga kiritgan natijalarini koʻrib shunday oʻgʻlim va munosib shogirdim borligidan faxrlanaman, – deydi onasi Sohiba Rahimova.

Iqtidorli vatandoshimiz maktabda oʻqish boshlangan ilk kunlaridan boshlab ustozlarining etagidan tutdi, tinimsiz oʻqish, izlanishda boʻladi. Kelgusida moliya-iqtisod sohasida ishlashni bolalikdan niyat qilgani boismi matematika, fizika, informatika hamda ingliz tili fanlaridan chuqurlashtirilgan shaklda taʼlim olishni boshlab yuboradi. Ilk natijalar boʻy koʻrsata boshladi. U oʻtgan 2020-yilning oʻzida IELTS (xalqaro ingliz tilini bilish darajasi) boʻyicha koʻrsatkichi umumiy 7 ballni tashkil etuvchi mahsus sertifikatga hamda bir vaqtda Buyuk Britaniyaning 5 ta universitetiga (Vestminster, Grinvich, South London Bank, West London va Mnchestr) talabalikka qabul qilinadi.

  • Har qanday bilim takrorlab turilmasa tezda unutilib ketadi. Ayniqsa, matematika, fizika, informatika doimiy izlanish, oʻz ustida ishlashni talab qiladi. Bu yerda oʻqish bilan bir qatorda chel elda tahsil olayotgan tengdoshlarimiz bilan online tarzda fikr almashib turamiz. Aniq maqsad, fanga, ilmga, oʻz kasbi, vataniga boʻlgan hurmat huddi bizniki kabi ularda ham juda yuqori turadi. Har gal menga “Sen Al-Horazmiy, Beruniy, Navoiy yurtidanmisan?” deya havas bilan qarashlarini koʻrib gʻururlanaman. Bu yerni tamomlab oʻqishni chet elda, moliya-iqtisod yoʻnalishida davom ettirmoqchiman. Rivojlangan davlatlarning tajribalarini oʻqib, oʻrganib, bilimlarimni ikki karra mustahkamlab yurtimizga qaytib uning rivoji, salohiyati yoʻlida xizmat qilish oliy maqsadlarimdan biri,–deydi Mironshoh Inomjonov.

Albatta, bu maskanda Mironshoh kabi iqtidorli oʻquvchilarni har qadamingizda oʻchratishingiz mumkin. Maktabda oʻquvchilarning maʼnaviy-marifiy salohiyatini oshirish borasida ham samarali tizim yoʻlga qoʻyilganini maktab faoliyati bilan tanishib chiqish asnosida guvohi boʻldik. Oʻz fondida 10 mingdan ziyod kitobni jamlagan zamonaviy kutubxona, axborot-texnolgiyalari bilan toʻliq qamrab olingan xonalar, bundan tashqari har bir oʻquvchi uchun zamonaviy planshet berilgan boʻlib, ular taʼlim olish bilan bir qatorda tezkorlik bilan yurtimiz va jahondagi yangiliklardan xabardor boʻlib borishadi.

Shuningdek, Prezidentimizning oʻgʻil-qizlarimizga biror cholgʻu asbobini chalishni oʻrgatish, umuman, musiqaga oshno etish borasidagi taklifi ularni maʼnan ulgʻaytirishga, qalblariga ezgulik urugʻlari ekishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Namangan shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar vaqtida Milliy cholgʻu asboblari, fortopiano, doira, xor va raqs toʻgaraklarida musiqa ijrochiligini va raqs sirlarini oʻrganmoqdalar.

Ushbu toʻgaraklar qisqa vaqt ichida maktab oʻquvchilarining darslardan tashqari sevimli mashgʻulotlariga aylandi. Milliy cholgʻu asboblari toʻgaragining maqsadi oʻquvchilarni milliy sanʼatimiz, madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish, ular qalbida oʻzbek xalq kuylari va klassik asarlariga nisbatan muhabbat uygʻotish hamda ijrochilikni oʻrgatishdir. Unda oʻquvchilar rubob, dutor, gʻijjak kabi cholgʻularini chalishni oʻrganmoqdalar.

Takidlab oʻtish joizki, Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʻladi. Bu esa oʻz navbatida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Namangandagi Prezident maktabiga boʻlgan safarimizni yakunlar ekanmiz, Mironshoh kabi vatan taraqqiyoti, yurt istiqboli yoʻlida, maʼrifat, ilm oshyonida zahmatli mehnat qilayotgan yoshlarimizga omad tilagan holda bu dargohdan Xorzazmiylar, Beruniylar, Forobiylar albatta, yetishib chiqadi degan ishonch bilan xayrlashdik.

Islom ASILBEKOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.