Qarorga muvofiq, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:
- Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari;
- Davlat kadastrlari palatasi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) filiallari;
- Respublika aerogeodeziya markazi;
- Geodeziya nazorati boshqarmasi.
Qaror bilan Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi huzuridagi Davlat kartografiya-geodeziya fondi Kadastr agentligi boʻysinuviga oʻtkazildi.
Shuningdek, “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” DUK Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibiga, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tʼminoti ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibiga oʻtkazildi.
Qarorga koʻra, Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi Kadastr agentligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga aylantirildi.
Kadastr agentligiga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari – Kadastr agentligi direktori boshchilik qiladi.
Qarorga koʻra, Davlat kadastrlarini shakllantirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh tashkil etildi.
Davlat kadastrlari obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va Milliy geoaxborot tizimiga kiritish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishish Idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifasi etib belgilandi.
2020-yil 1-dekabrga qadar davlat kadastrlarini yuritish boʻyicha vakolatli organlar Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Qarorga koʻra, “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.