Kadrlar salohiyatini oshirish – davr talabi

    Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, bu eʼtibor zamirida yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi instituti Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga oʻtkazildi va unga “Akademiya” maqomi berildi. Shuningdek, harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy taʼlim tashkilotlariga oʻquvchilarning oʻqishga kirishi uchun tayyorgarligini taʼminlashga ixtisoslashtirilgan litsey tashkil etilishi belgilab berildi.

    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi. Ushbu harbiy-akademik litsey oʻquv-uslubiy ishlarini amalga oshirishda Akademiyaning professor-oʻqituvchilari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

    Hozirgi kunda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, hozirgi kunda aholi va hududlarning muhandislik muhofazasini takomillashtirish, avariya-qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, olovga chidamli qurilish materiallari va matolarining yangi turlarini yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ustuvor vazifa etib belgilangan.

    Shulardan kelib chiqib, qonunchiligimizga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi. Kengash bugungi kunda samarali faoliyat yuritmoqda.

    2021-yilning 4 choragida akademiyaning 3 nafar mustaqil izlanuvchisi – polkovnik Sobir Joʻrayev “Mahalliy xomashyolar asosidagi yongʻinga xavfsiz issiqlik izolyatsiyalovchi materiallar”, podpolkovnik Anvar Raupov “Fosfor guruhli oligomerlar asosida toʻqimachilik materiallarning olovbardoshligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish”, mayor Bekpoʻlat Mirzakabilov esa “Gidrotexnik inshootlar avariyasi bilan bogʻliq falokatli suv toshqinlari yuzaga kelganda aholi va hududlarni muhofaza qilish usullarini takomillashtirish” mavzusida dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qildi. Ular texnik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldi.

    Shuningdek, akademiya mustaqil izlanuvchilari – podpolkovnik Sayfiddin Jumayev “Mahalliy xomashyolar asosida olingan antipirenlar bilan yogʻoch materiallarini yongʻindan himoyalash”, dotsent, general-polkovnik Qobul Berdiyev “Mahalliy xomashyo asosida qurilish konstruksiyalari va materiallarining olovga chidamliligi bardoshligi va issiqlikdan himoyalash darajasini oshirish muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldi.

    Shu yilning yanvarida esa mayor Artyom Lityaga “Silikat kompozitsiyalar tarkibli antipirenlar asosida polimer materiallarning yongʻin xavfsizligini oshirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

    Akademiyaning professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan ixtirolar uchun patentlar olindi.

    Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, akademiyada davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilishi ikki yilga moʻljallangan ikkita davlat granti: BV-Atex-2018 “Mahalliy mineral xomashyolar asosida qiyin yonuvchan issiqdan saqlovchi tarkiblar olish texnologiyasini yaratish” hamda BV-Atex-2018-58 “Yangi avlod metallorganik oligomer qoʻshimchali olovbardosh, issiqlik izolyatsiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish" loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

    Respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida akademiyaning iqtidorli kursantlari munosib ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarga ega boʻldi. Jumladan, “Gidravlika” fanidan 4 kurs kursanti Ravshanbek Jalilov birinchi oʻrinni, “Avtomobil tayyorgarligi” fanidan 1 kurs kursanti Fayozbek Mamasoliyev ikkinchi oʻrinni hamda “Milliy gʻoya, huquqshunoslik, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” fanidan 5 kurs kursanti Sultanbek Urazimbetov uchinchi oʻrinni egalladi.

    Shuningdek, akademiya harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallab kelmoqda.

    Choriyor XOʻJANOV,

    FVV Akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik