Gurlan tumani “Ishonch” mahallasida yashovchi Manzura Rajapova tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, 2019-yili sentyabr oyida xarid qilgan “Rosso” rusumli televizori kafolat muddati tugashidan ilgari nosoz holga kelganini maʼlum qilgan. U bir necha bor televizorni xarid etgan doʻkoniga murojaat qilib, servis xizmati koʻrsatishlarini soʻragan. Ammo murojaati javobsiz qolavergan.

Gurlan tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari maishiy texnika doʻkoni xodimlariga isteʼmolchining haq-huquqlari borasida tushuntirish ishlarini olib borgach, M.Rajapovaning televizori doʻkon servis xizmati tomonidan tuzatib berildi.

Shovot tumani “Qiyot” mahallasida yashovchi Shokirjon Otanazarov ham xarid qilgan muzlatkichi yaxshi ishlamayotgani, muzxonasi zanglab, rang chiqarayotganidan norozi boʻlib ariza qoldirgan.

Murojaatda koʻrsatilishicha, 2021-yil noyabr oyida Gurlan tumanidagi “Akmalbek texnika olami” xususiy korxonasidan 4 200 000 soʻmlik “Elite-211” rusumli muzlatkich sotib olgan. Isteʼmolchi muzlatkichini tuzatib berishlarini, kafolat muddati tugamaganligini taʼkidlab, xususiy korxona egalariga bir necha bor murojaat qilgan.

Saʼy-harakatlari bekor ketgach, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur boʻlgan. Jamiyat xodimlari isteʼmolchining 2-guruh nogironi ekani, ishsizligi, oilaviy sharoiti ogʻir ekanini xususiy korxona egalariga tushuntirishdi. Issiq kunlarda Shokirjon Otanazarov xonadoniga muzlatkich juda zarurligi inobatga olinib, isteʼmolchiga yangi muzlatkich yetkazib berildi.