Farmon bilan aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Unga koʻra, ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida koʻrsatish amaliyoti joriy etiladi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar tasdiqlandi:

▫️Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi hamda uning maqsadli koʻrsatkichlari;
▫️Mazkur strategiyani 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”.

Moliya vazirligi tarkibida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etildi.

2022-yil 1-sentyabrdan Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha minimal isteʼmol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlanadi.

Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha boʻlgan tanaffuslar mavjud boʻlsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qoʻllaniladi.

2023-yil 1-martgacha davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar roʻyxati shakllantiriladi.

2023-yil 1-iyulgacha kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish standartlari tasdiqlanadi.