Kaliforniya shaharlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

    Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Kaliforniya shtatining Manhetten-Bich va El-Segundo shaharlari merlari Richard Montgomeri va Dryu Boyls bilan uchrashdi.

    Suhbat avvalida mamlakatimiz elchisi Amerika tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shaharsozlik sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar haqidagi batafsil maʼlumotlarni taqdim etdi.

    Kaliforniya shaharlari merlarining alohida eʼtibori AQSH hududlarining Oʻzbekiston bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlashga, shuningdek, Amerika investorlarining mamlakatimiz bozorida tadbirkorlik faolligini oshirishga qaratildi.

    Uchrashuvda Kaliforniya shtatining Manhetten-Bich meri Richard Montgomeri ikki davlatning mintaqaviy darajadagi sheriklik aloqalari tobora kengayib borayotganidan mamnuniyat bildirar ekan, hamkorlikning bunday shakli AQSH va Oʻzbekiston shaharlarini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni yanada samarali oʻrganish imkonini berishini taʼkidladi.

    Shuning munosabati bilan, shahar meri kinematografiya sohasidagi Oʻzbekiston kompaniyalari va oʻz shahridagi shu kabi firmalar bilan, xususan, “Manhattan Beach Studios” (video ishlab chiqarish xizmati) oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga koʻmaklashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    Kaliforniya shtatining El-Segundo shahari meri Dryu Boylsning aytishicha, u boshqarayotgan shaharda “Fortune 500” roʻyxatidagi oʻnlab kompaniyalarining ofislari joylashgan boʻlib, shahar dunyoning aerokosmik poytaxti sifatida tan olingani, shuningdek, biofan, axborot texnologiyalari, energetika kabi firmalarni oʻz ichiga olganini aytdi.

    Suhbat chogʻida Amerika tomonidan Oʻzbekiston kompaniyalari bilan elektromobillar ishlab chiqarish, kosmik va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda koʻmaklashishga hozirlik bildirildi.

    “Men mamlakatingiz avtomobil sanoati va uning bu boradagi salohiyati, shuningdek, Oʻzbekiston rasmiylarining mamlakatda ekologik toza transportni joriy etish borasidagi saʼy-harakatlari bilan tanishman, shu bois Oʻzbekiston hukumati bilan bu yoʻnalishda hamkorlik qilishni istar edim”, dedi Dryu Boyls.

    Uchrashuv yakunida AQSHning Kaliforniya shtati shaharlari merlari bilan sanoatning turli sohalarida oʻzaro aloqalarni davom ettirish, ikki davlat vakillarining bir qator onlayn muzokaralari va tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.