Qarordan koʻzlangan maqsad – kambagʻal va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitishning yangi tizimini joriy qilish, ularni kasb-hunarga oʻqitishda xususiy sektor bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish jarayonlarini tashkil etish, ehtiyojmand aholi va nogironlar ish bilan bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha choralarni amalga oshirishga qaratilgan.
Qaror bilan:
- kambagʻal va ishsiz aholini kasb-hunarga oʻrgatish hamda ularning mehnat faolligini oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi;
- aholi bandligini taʼminlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi;
- Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlarini oʻqitish choralari tasdiqlandi.
Hujjat bilan kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish tizimini joriy etish uchun moliyaviy xarajatlar miqdori va manbalari belgilandi.
Qarorda koʻzda tutilgan kambagʻal va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlari;
- Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari;
- mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari;
- nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari.
Hujjat orqali aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitishga, nodavlat sektori imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun davlat yordamini berish mexanizmi joriy qilinadi.
Nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini tashkil etish uchun “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish muassasalarining binolari, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tavsiyasiga koʻra boshqa boʻsh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi.
Nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalariga oʻquv dasturlari va oʻqituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi. Kasb-hunarga oʻqitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda – mazkur markazlarning oʻquv jihozlari va anjomlaridan imtiyozli foydalanish imkoni yaratiladi.
Nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan oʻqitish, bunda davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasidan foydalanish belgilangan.
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarida:
- bitiruvchilarning kasbiy malakasi xalqaro WorldSkills standartlari asosida baholanadi;
- baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga Oʻzbekiston va xorijda tan olinadigan Skills pasporti beriladi.
Monomarkazlar va kasb-hunarga oʻqitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan oʻqishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.
Ushbu loyihalar ijrosini taʼminlash uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 150 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
Shuningdek, mazkur qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” boʻyicha nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari oʻrtasida ochiq tanlov oʻtkaziladi.
Qaror bilan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” tanlovi gʻoliblarining loyihalarini ragʻbatlantirish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 50 milliard soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.
Maʼlum qilinishicha, bu tadbirlarni amalga oshirish natijasida har yili 60 ming nafarga yaqin ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga bepul oʻqitish imkoniyati yuzaga keladi, 25 mingdan ziyod nogironlarning bandligi taʼminlanadi.
Respublika ishchi guruhi davlat va nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari samarali faoliyat yuritishini hamda sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan kasb-hunarga oʻqitish tizimi joriy etilishini tashkillashtiradi, shu maqsadda ajratilayotgan mablagʻlarning manzilli sarflanishini taʼminlaydi.
Qaror bilan tasdiqlangan Aholi bandligini taʼminlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi esa aholi bandligiga koʻmaklashish sohasida xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirishga va bu borada normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga, bandlik sohasida uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga hamda yaratilgan ish oʻrinlari va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha axborot almashinuvini tashkil etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, taʼkidlanishicha, 800 mingdan ortiq fuqaro va ish beruvchilarga bandlik va mehnat sohasida davlat xizmatlari koʻrsatiladi, shu jumladan 410 ming ayollar va 300 ming yoshlarning bandligi taʼminlanadi.