Quva tumanidagi 65 ta MFYda 44 mingdan ziyod xonadon tasarrufida 2 ming 930 gektar ekin yeri mavjud. Tumanda har yili oʻrtacha 25 mln. tup mevali, 14 mln. tup manzarali daraxtlar koʻchatlari hamda 10 mln. tup gul koʻchatlari yetishtiriladi.
Hozirgi kunda har bir mahallaning “oʻsish nuqtasi”, “drayver”lari aniqlanib, shu asosda yaqin istiqbolga moʻljallangan dasturlar ishlab chiqilyapti.
Quva tumanida faoliyat koʻrsatayotgan Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish respublika ilmiy markazi tomonidan hududdagi 100 gektar qir-adir yerlar oʻzlashtirilib, 20 gektariga olma, nok ekildi. Ayni kunlarda 80 gektar yerda bodom, pista, behi, oʻrik bogʻlari barpo etish va kooperatsiya asosida oilalarga 50 sotixdan boʻlib berish rejalashtirilmoqda.
Quvadagi “Yangiqishloq” MFYda istiqomat qiluvchi Gʻayratjon Sultonov yosh boʻlishiga qaramay, 7 sotix tomorqasida atirgul koʻchatlari yetishtirib sotish boʻyicha katta tajribaga ega. Quva tumani hokimligi koʻmagida oʻtgan yili unga 9 gektar yer, 400 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratib berilgach, “Vodiy turfa gullari” MCHJ kooperatsiyasini tashkil etdi. 2021-yilning oʻzida “Yangiqishloq”, “Soyguzar”, “Qoʻrgʻoncha” MFYlardagi 100 ta xonadonga kooperatsiya tomonidan atirgul urugʻlari, kimyoviy vositalar, payvandtag yetkazib berildi. Natijada oʻtgan yili kooperatsiya tomonidan Germaniya, Polsha, Rossiya, Latviya, Belorussiya hamda Markaziy Osiyo davlatlariga 1,2 mln. tup atirgul koʻchatlari eksport qilindi. Gʻayratning bu yilgi maqsadlari yanada ulkan. Yosh tadbirkorning niyati jahon bozoriga atirgullar eksport qilish borasida dunyoda yetakchi davlatlardan biri sanaluvchi Niderlandiyada ortda qoldirishdir.
Tumanning “Sanoatchilar”, “Ittifoq”, “Sultonobod”, “Qayirma”, “Boʻston”, “Xonobod” MFYlarida 3 mingga yaqin xonadon esa parrandachilik bilan shugʻullanadi. Bu mahallalarda oʻz xonadonida ikki ming boshgacha tovuq, kurka, oʻrdak, bedana boqayotgan oilalar safi tobora kengayib bormoqda.
“Sanoatchilar” MFYda 900 ga yaqin xonadonlar mavjud boʻlib, 200 ta xonadonda inkubatoriyalarda joʻja ochirish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Har bir xonadonda yiliga 10 mingdan 250 ming donagacha joʻja ochiriladi, 100 boshdan 6000 boshgacha parranda parvarish qilinadi.
— Bizda har bir oila omilkor boʻlgani sababli ham bir qarich yer foydalanilmay qolmaydi, — deydi “Qoraqum” MFY raisi Hamidjon Turgʻunov. — Mahallamizda yetishtirilgan mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari mamlakatimizning shimoliy hududi boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatlarigacha yetkazib beriladi. Shu bois 1 ming 200 ga yaqin oila istiqomat qiladigan mahallamizda atigi 23 ta oila kam taʼminlangan hisoblanadi. Ular ham boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor shaxslarni parvarishlayotgan oilalardir.
Darhaqiqat, ona zaminimiz el rizq-nasibasini taʼminlovchi muhim manba, chinakam xazina va farovon hayot omili ekanligini Quva tumani misolida yaqqol koʻrish mumkin.