Qayd etilishicha, 2025-yil 30-iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Kamchatka oʻlkasi qirgʻoqlariga yaqin joyda joylashgan Tinch okeanida kuchli zilzila sodir boʻldi. Zilzilaning epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 161 km janubi-sharqda, 32 km chuqurlikda joylashgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yer silkinishi 8,7 ball magnitudada boʻlib, 1952-yildan buyon Kamchatka hududida qayd etilgan eng kuchli zilzilalardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar kelgusi bir oy davomida yana shunday kuchli zilzilalar sodir boʻlishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Hozirda vaziyat Kamchatka oʻlkasidagi vakolatli xizmatlar tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

Zilzila ortidan Kamchatka va Saxalin hududlarida joylashgan bir qator aholi punktlari uchun sunami xavfi eʼlon qilindi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini suv sathidan balandroq joylarga koʻchishga va dengiz sohillariga yaqinlashmaslikka chaqirmoqda.

Kamchatka oʻlkasi Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qilishicha, zilzila vaqtida jabrlangan mahalliy fuqarolar shifokorlar nazoratida, barcha zarur tibbiy yordamlar koʻrsatilmoqda. Jiddiy jarohatlanganlar aniqlanmagan.

«Mazkur tabiiy ofat natijasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida jabrlangan yoki halok boʻlganlar toʻgʻrisida xabar kelib tushmagan.
Oʻzbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi Kamchatka va Saxalin hududlarida vaqtincha boʻlib turgan yurtdoshlarimizni Favqulodda vaziyatlar xizmati koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilishga va xotirjamlikni saqlashga chaqiradi.
Zarur holatlarda +7 (423) 260-48-00 va +7 (902) 078-70-07 telefon raqamlari orqali Bosh konsulxonaga murojaat qilishingiz mumkin«, deyiladi xabarda.