— Kamqonlik koʻplab tana aʼzolari faoliyatiga salbiy taʼsir etishi bilan xavflidir. Birinchi koʻrinadigan belgilar terida paydo boʻlib, u oqarib ketadi. Tirnoqlar va sochlar moʻrtlashib, yorqinligini yoʻqotadi. Shuningdek, til yalligʻlanishi, ogʻiz atrofida yuzaki yaralar paydo boʻlishi mumkin. Asab tizimi faoliyati buzilib, tez-tez bosh aylanishi, ogʻrishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha boʻlgan va ogʻir kamqonlikka chalingan goʻdaklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.
Qolaversa, uyquchanlik, tez-tez asabiylashish, doimiy charchoq, boʻr yoki kesak yeyish ham kamqonlikning tipik belgilaridir. Xastalikning ogʻir holatlarida esa bolalarda yurak-qon tomir tizimi faoliyati buzilib, ular hushidan ketishi, taxikardiya, nafas qisishi kuzatiladi.
— Kamqonlikka qanday tashxis qoʻyiladi?
— Kasallikka tashxis qoʻyishda, avvalo, pediatr-shifokor koʻrigidan oʻtish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.
Shuningdek, shifokor tomonidan umumiy qon tahlillari, xususan, undagi eritrotsitlar va gemoglobin koʻrsatkichlarini aniqlash uchun laborator tahlillar buyuriladi.
— Kasallik qanday davolanadi?
— Yosh bolalar, maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlarda, avvalo, taomnoma va kunlik tartibni qayta koʻrib chiqish lozim. Jumladan, bemor bola koʻp vaqt toza havoda sayr qilishi, harakatlantiruvchi oʻyinlar oʻynashi, yaʼni oʻrtacha jismoniy faoliyat bilan mashgʻul boʻlishi, bir vaqtda uxlashga yotib, bir vaqtda uygʻonishi talab etiladi.
Bundan tashqari, anemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil goʻsht, loviya, noʻxat, qorabugʻdoy unidan tayyorlangan non, kakao, dengiz karami, qoʻziqorin, quritilgan mevalar, quritilgan oʻrik, koʻkatlar boʻlishi kerak. Shu bilan birga, S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulgʻor qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Sababi ushbu vitaminlarsiz temir qonga soʻrilmaydi.
Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.
Mutaxassisi bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.