Kanada AQShga energiya eksportini qisqartirish bilan tahdid qildi

    Kanadaning aholisi gavjum Ontario viloyati rahbari Dag Ford, agar Vashington Kanadadan keladigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy qilsa, AQShga energiya ta'minotini to'xtatish bilan tahdid qildi.

    Kanada OAVlarining xabar berishicha, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo boshchiligidagi mamlakatning hududlar yetakchilari Kanadadan AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik bojxona to'lovi qo'llanilishi tahdidiga qarshi chora-tadbirlar rejasini tayyorlash uchun yig'ildi.

    “Biz Michigan, Nyu-York shtati va Viskonsingacha borib, ularning elektr energiyasini uzamiz. “Men bu sodir bo'lishini xohlamayman, lekin mening birinchi vazifam Ontarioni, ontariyaliklar va umuman kanadaliklarni himoya qilishdir, chunki biz eng katta viloyatmiz”, dedi Ford.

    O'z navbatida, Kanada bosh vaziri o'rinbosari Xristya Friland “AQShning adolatsiz tariflariga Kanadaning kuchli javobini” va'da qildi va Kanada metallar va muhim minerallarga nisbatan javob choralarini ko'rishini aytdi.

    Avvalroq AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp agar Kanada va Meksika AQSh chegaralari orqali giyohvand moddalar va migrantlar oqimini to'xtatmasa, barcha tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi, deb xabar beradi aa.com.tr.