Koʻrgazma doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati va Kanadaning Oʻzbekiston Respublikasidagi konsuli LeKler E hamda Kanada kompaniyalari prezidentlari oʻrtasida muzokaralar oʻtkazildi.
Kanada delegatsiyasi tarkibidan “Condor Energies”, “5Blue Processing”, “Crusader Joint Ventures”, “Master Flo Valve”, “Stream Flo”, “JORI International”, “Central Asia”, “JORI International”, “Thermo Design Engineering Ltd.,” kompaniyalari, “GHGSat”, Janubiy Alberta Texnologiya Instituti vakillari oʻrin olgan.
Uchrashuvda “Condor Energies Inc.” kompaniyasi bilan Gazli hududida tabiiy gaz qazib olish va zaxiralarni oshirish borasida amalga oshirilayotgan hamkorlikning bugungi jarayonlari ham muhokama etildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati Kanada kompaniyalari tomonidan taʼlim hamda neft va gaz sohasi boʻyicha malaka oshirish yoʻnalishdagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
Delegatlar tarkibidan joy olgan Janubiy Alberta Texnologiya Instituti (SAIT) neft va gaz tashkilotlariga taʼlim xizmatlarini taklif etuvchi dunyodagi yetakchi professional taʼlim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda SAIT tomonidan 48 ta mamlakatda yetakchilik seminarlari, mutaxassislar va sohalarga xizmat koʻrsatish uchun kasbiy tayyorgarlik, obyektlarni loyihalash va oʻqituvchilarni tayyorlash dasturlari orqali professional taʼlim va maslahat berib kelinyapti.
Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, neft va gaz sohasiga oid uskunalarni yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun qayd etish joizki, Kanada dunyoda neft eksporti boʻyicha yirik davlatlardan hisoblanadi. Uning kunlik neft eksporti hajmi 3,289 million barrelni tashkil etadi. Ushbu mamlakat neft qazib olish boʻyicha hozirda yettinchi oʻrinda turadi.